Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimidagi samarasiz xarajatlar ulushini bosqichma – bosqich qisqartirish, tibbiyot muassasalarining moliyaviy mustaqilligini oshirish va tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirish mexanizmlarini kengaytirish, aholiga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam ko‘rsatishga xususiy tibbiyot tashkilotlarini ham jalb qilish doimiy e’tiborda.
Shu bois ham islohotlarning hozirgi bosqichida iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlash, aholi hayotining sifati va darajasini oshirishga yo‘naltirilgan tibbiy xizmatlarni rivojlantirish hamda davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish borasida tegishli choralar ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi “Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etildi.
Jamg‘armaning asosiy maqsadi aholini davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam bilan to‘liq qamrab olishni ta’minlash, uning sifati va hajmini oshirish hamda tibbiy xizmatlar bozorini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish maqsadida davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etish va boshqarishdan iborat.
Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan tajriba-sinov loyihasi 2023–2025-yillarda yurtimizning boshqa hududlariga ham joriy etiladi. Ayni vaqtda hududlarga, xususan Buxoro viloyatida ham tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Amalga oshirilayotgan yangiliklar va o‘zgarishlar bilan tibbiyot xodimlarini tanishtirish maqsadida viloyatdagi Tuman tibbiyot birlashmalarida seminar – treninglar o‘tkazilmoqda.
Ana shunday uchrashuvlardan biri – Jondor tumanidagi davolash profilaktika va yordamchi muassasalarda faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari uchun tashkil etildi. Unda yurtimizda tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga byudjet mablag‘lari hisobidan yuqori texnologik tibbiy xizmatlar ko‘rsatish mezonlari, aholiga sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatini yaratish borasida tushintirish berildi.
Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi mexanizmlarining nazariy qismi, tibbiyot muassasalarida kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlar ko‘rsatish holati, oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinikalarda “tibbiyot brigadalari”ni shakllantirish mexanizmlari kabi masalalarda ma’lumotlar berildi.
Seminar yakunida Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining Buxoro viloyati hududiy bosh mutaxassisi Z. Sharipov, Jondor tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i O.Rahmatov ishtirokchilarga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida oilaviy shifokor, amaliyotchi hamshira, patronaj hamshiralari, doya tarkibidagi tibbiy brigadalari xodimlarining faoliyatini muvofiqlashtirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining xalqaro tasnifi (ICPC-2)ni hamda tibbiy aralashuvlarning xalqaro tasnifi (ICHI-2)ni amaliyotiga tatbiq qilish, KTMP, OP va OShP mudirlari shaxsiy ma’suliyati oshirish borasidagi samaradorlikka e’tibor qaratish borasida tavsiyalar berdi.
Davlat tibbiy sug‘urtasi Matbuot xizmati