O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 iyuldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni elektron axborot tizimi asosida hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llash tartibi hamda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tomonidan ularga ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar sifatini standartlar asosida baholash, ajratilgan mablag‘lar samaradorligini nazorat qilish tizimi joriy qilingan.
Mazkur qarorga ko‘ra, imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni yo‘llanma asosida davolashga bir qator ixtisoslashtirilgan tibbiyot tashkilotlari Jamg‘arma bilan shartnoma tuzish orqali jalb qilingan: 26 ta respublika darajasidagi tibbiyot muassasalari, 52 ta hududiy shifoxonalar va 28 ta nodavlat tibbiyot tashkiloti.
Ushbu davo maskanlarida imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga ko‘rsatilgan yuqori texnologik tibbiy yordam xarajatlari Jamg‘arma tomonidan Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berilmoqda. Bemorlar uchun Jamg‘arma bilan shartnoma tuzgan davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotlari orasidan o‘ziga qulay bo‘lganini tanlash va zarur tibbiy yordamni bepul olish imkoniyati yaratildi.
Jamg‘arma bilan shartnomaga tuzgan respublika darajasidagi tibbiyot muassasalaridan biri – Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi. Joriy yilning 10 oyi davomida ushbu markazda yo‘llanma asosida 2 ming 523 nafar imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslar davolandi va 38 milliard 719 million so‘m miqdoridagi davolash xarajatlari Jamg‘arma tomonidan qoplab berildi. Shuningdek, markazda zarur hollarda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, qilingan haqiqiy xarajatlar ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlarni asoslovchi hujjatlarga muvofiq Jamg‘arma tomonidan davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berilmoqda.
Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ham aholi salomatligini mustahkamlash maqsadida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, joriy yilning yanvar-oktabr oylarida qariyb 47 ming nafar bemorga bepul tibbiy yordam ko‘rsatildi. Shundan, 1400 nafar bemor imtiyozli toifaga mansub bo‘lib, ularga ko‘rsatilgan yuqori texnologik tibbiy xizmatlar uchun Jamg‘arma tomonidan 33 milliard so‘m to‘lab berildi.