Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ijro etuvchi direktori F.Sharipov boshchiligida ishchi guruh 4 – 6 iyun kunlari Buxoro viloyatida safarda bo‘ldi.
Safar chog‘ida hozirga qadar Buxoro viloyatidagi tibbiyot muassasalari bilan tuzilgan shartnomalarga ko‘ra viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, natijalar va istiqboldagi vazifalar borasida muzokaralar o‘tkazdi.
Bunda esa Prezidentimizning 12.11.2020 yildagi PQ-4890-sonli “Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tashrif va amaliy uchrashuv doirasida Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan ajratilgan mablag‘larning maqsadli, oqilona va har tomonlama qonun doirasida sarflanishi nazoratda ekanligi to‘g‘risida Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi ma’sul xodimlariga tushuntirildi.
Hamkorlik shartnomasiga asosan imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga yuqori texnologik tibbiy xizmatlar ko‘rsatilganda, ularning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish, jamg‘armaga taqdim etiladigan hujjatlarni to‘g‘ri tartibda rasmiylatirish masalasida atroflicha to‘xtalib o‘tildi. Barcha hujjatlar qabul qilingach, davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi budjet mablag‘laridan to‘lovni amalga oshiradi.
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 200Z yil 26 fevraldagi 3214-son Farmonining 2-ilovasi bilan tasdiqlangan imtiyozli toifadagi shaxslarga, Adliya vazirligida 2022 yil 9 fevralda 3348-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan Davlat budjeti mablag‘lari xisobidan davolanadigan kasalliklarni davolash uchun ko‘zda tutilganligi, barcha bemorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar IT-MED dasturida elektron navbat orqali joylashtirilishi, mis.ssv.uz dasturida ishlash tartibi, QR-kodli yo‘llanmalarni shakllantirish, xujjatlarni rasmiylashtirish, ma’lumotlar almashinuvini to‘g‘ri amalga oshirish, sifat va samaradorlikni oshirish borasida mahorat darslari o‘tkazilib aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Qayd etish kerakki, hozirga qadar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi budjet mablag‘lari hisobidan Buxoro viloyatida 305 nafar imtiyozli toifadagi bemorlarga yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi Matbuot xizmati