Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi hamda Sogʼliqni saqlash vazirligi vakillari hamrohligida Jahon sogʼliqni saqlash tashkilotining Oʼzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Doktor Аshina Xalakdina boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Sirdaryoga tashrif buyurdi.
Unda xalqaro ekspertlar guruhi Sirdaryo viloyatida joriy etilgan, sogʼliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli – davlat tibbiy sugʼurta mexanizmi bilan bogʼliq ishlar bilan tanishdi.
Tashrif avvalida ular Sirdaryo viloyat hokimi Аkmaljon Maxmudaliyev hamda Sirdaryo viloyat sogʼliqni saqlash boshqarmasi boshligʼi Xurshid Hakimov bilan uchrashib, Davlatimiz rahbarining 2020 yil 12 noyabrdagi “Sogʼliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori, unda belgilab berilgan vazifalar yuzasidan fikr almashdi.
Shuningdek, mehmonlar Boyovut tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 7-oilaviy poliklinika, Gʼalaba oilaviy shifokorlik punkti, Guliston shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli Koʼp tarmoqli markaziy poliklinikada boʼlishib, bemorlarga yaratilgan sharoitlarni kuzdan kechirib, tibbiy brigadalar faoliyati bilan, vrach, vrach old xonasi, tor soha mutaxassislariga yoʼllanma asosida yoʼnaltirilgan bemor, unga elektron yoʼllanma berish tartibi bilan yaqindan tanishib soha xodimlariga tavsiya va maslahat berdi.— Oʼylamagandim, davlat tibbiy sugʼurta tizimi bilan bogʼliq ishlar, qisqa va oz fursatda, shu darajada yaxshi yoʼlga qoʼyiladi deb. Muammolar-chi, yoʼq emas. Bor, ammo aytar darajada emas. Bu ham asta sekinlik bilan boʼlsada bartaraf etiladi. Muhimi, aholi, sogʼliqni saqlash tizimidan, davlat tibbiy sugʼurtasi tizimi bilan bogʼliq ishlardan koʼngli ancha tuq. Bu esa, menda katta taassurot qoldirdi, — dedi Doktor Аshina Xalakdina Sirdaryoga tashrifi soʼngida.
Qiziqarli va konstruktiv ruhda oʼtgan uchrashuvda aholiga koʼrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati, davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlari asosida koʼrsatilayotgan tibbiy xizmat turlari atroflicha oʼrganildi, sohani takomillashtirish borasida kerakli tavsiya berildi.
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi Matbuot xizmati.