Koʼz noyob aʼzo. Usiz hayot goʼzalliklaridan bahramand boʼla olmaymiz. Аmmo oʼqib-oʼrganishimiz, bilim olishimiz, kasb-hunar oʼrganishimiz hatto yaxshi-yomonni ajratishimiz uchun ham uning koʼmagi zarur.
Koʼz tizimdagi oddiygina muammo sabab, yorugʼ jahonni, yaqinlarimizni koʼra olmay qolishimiz mumkin. Bunga, chor atrofimizni qamrab turgan ranglar ham oʼz taʼsirini oʼtkazmasdan qolmaydi.
Natijada koʼzimizda kutilmagan oʼzgarishlar yuz bera boshlaydi. Oldiniga unchalar ham ahamiyat qaratmaymiz. Muammo, qachonki chuqurlashsagina oftalьmologlarga murojaat qilamiz.
Аyni vaqtda Sirdaryoda istiqomat qilayotgan aholining kattagina qismining koʼz sohasi bilan bogʼliq muammosi bor. Katarakta, glaukoma, gʼilaylik va boshqa kasalliklar soʼngi paytlarda koʼpaygan. Uning oldini olish va davolash maqsadida Sirdaryoda Respublika ixtisoslashtirilgan Koʼz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning Sirdaryo filiali oftalьmologlari tomonidan koʼz bilan bogʼliq yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlarini oʼtkazish ishlari yoʼlga qoʼyildi.
Joriy yilda Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi bilan tuzilgan ikki tomonlama shartnomaga binoan 400 ga yaqin fuqaroda ana shu aʼzo bilan bogʼliq, yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari oʼtkazildi. 12 mingdan ortiq bemorga tibbiy maslahatlar berildi.
– Hozirgi zamon tibbiyoti, oftalьmologiya yutuqlari koʼz xastaliklarini davolashda moʼʼjiza yaratmoqda, – deydi Sirdaryo viloyat koʼz kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori, oliy toifali oftalьmolog Rasul Karimov. – Yaʼni, turli jarrohlik amaliyotlari oʼrniga ultratovushda, kesmasdan, choksiz davolash usullari amalga oshirilyapti. Аvvallari katarakta kasalligida koʼz butkul koʼrmay qolgandagina operatsiya qilinardi. Аslida oʼz vaqtida oʼtkazilmagan amaliyot bemorda turli asoratlarga sabab boʼlishi mumkin. Hozirgi kunda esa mikrojarrohlik texnikalari takomillashishi natijasida mazkur amaliyotni koʼz xiralashishining dastlabki bosqichida qoʼllash, koʼplab noxushliklarning oldini olish imkonini bermoqda. Shunday ekan, bemor oʼzida koʼz kasalliklarining biror bir alomatini sezishi bilan shifokorga murojaat etishi, maxsus tekshiruvlardan oʼtib, istalgan vaqtda davolanishi mumkin. Buning uchun shifoxonamizda yetarlicha sharoit va imkoniyatlar bor.
Аyni vaqtda Sirdaryo viloyat koʼz kasalliklari shifoxonasida, shifoxonaning tajribali oftalmologlari tomonidan katarakta, glaukoma, koʼz yosh yoʼllari, gʼilaylik, boshqa jarohatlar, ayrim kosmetik operatsiyalar muvaffaqiyatli oʼtkazilmoqda.