Prezidentning “Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-311-sonli qarori mamlakat sogʻliqni saqlash tizimida tub islohotlar amalga oshirilayotganidan dalolat beradi. Ushbu qaror bilan davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar tizimini joriy etish, davlat tibbiy sugʻurtasi orqali aholiga moliyaviy yengillik yaratish va sogʻliqni saqlash tizimining samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi mexanizmlar yoʻlga qoʻyiladi.
Mazkur qarorning asosiy jihatlari Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi saytida.
Davlat tibbiy sugʻurtasi: Bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari taʼminoti
Qarorga koʻra, davlat tibbiy sugʻurtasi doirasida bepul tibbiy xizmatlar koʻrsatiladi va dori vositalari taqdim etiladi. Ushbu xizmatlar va dorilarni taʼminlashda aholining yelkasiga qoʻshimcha moliyaviy yuk yuklanmaydi, yaʼni sugʻurta uchun qoʻshimcha toʻlov undirilmaydi. Xizmatlar va dorilar soliq toʻlovlaridan shakllangan davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladi, bu esa sugʻurtalangan shaxslarning tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatini kengaytiradi.
Tibbiy sugʻurta mexanizmi bosqichma-bosqich joriy etiladi
Qarorda tibbiy sugʻurta mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish koʻzda tutilgan. Ushbu mexanizmlar orqali aholiga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari belgilanadi. Bular davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan va sugʻurta jamgʻarmasi mablagʻlari orqali taqdim etiladigan tibbiy xizmatlar hamda dori vositalarini oʻz ichiga oladi.
Elektron tizimlar va zamonaviy xizmat koʻrsatish
Aholining bepul tibbiy xizmatlardan foydalanishi uchun belgilangan muddatlarda tibbiy koʻrikdan oʻtish, oilaviy shifokorga yoki tibbiyot brigadasiga murojaat qilish talab etiladi. Shuningdek, dori vositalari shifokor rasmiylashtirgan elektron retsept asosida beriladi va ushbu xarajatlar sugʻurta jamgʻarmasi tomonidan qoplanadi. Bu reimbersatsiya dasturida amalga oshirilib, moliyaviy shaffoflikni taʼminlashga xizmat qiladi.
Qarorda “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimini joriy etish nazarda tutilgan boʻlib, ushbu tizim tibbiy muassasalar faoliyatini elektron shaklda boshqarish imkonini beradi. Bu raqamlashtirish sogʻliqni saqlash tizimining samaradorligini oshirishga va xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilashga qaratilgan muhim qadamdir.
Kafolatlangan paket va imtiyozli toifalar
Qaror asosida davlat va nodavlat tibbiyot muassasalari tibbiy xizmatlar koʻrsatishda ishtirok etadi. Bu esa davlat va xususiy sektorning tibbiyot sohasidagi hamkorligini kuchaytirib, aholining keng qamrovli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini oshiradi.
Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlariga koʻra, tuman, viloyat va respublika shifoxonalarida kasallikning ogʻirlik darajasiga qarab bepul davolanadigan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi va amaliyotga joriy etiladi. Shuningdek, imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslar shifokor koʻrsatmasiga binoan axborot tizimi orqali shakllantiriladigan yoʻllanma asosida davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan bepul davolanadi.
2025-yildan boshlab rejalashtirilgan oʻzgarishlar
2025-yil 1-iyuldan eʼtiboran davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda rejalashtirilgan statsionar tibbiy yordamdan elektron navbat asosida bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi. Ushbu imtiyoz jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi yoki ijtimoiy soliq toʻlovchilar, soliq kodeksiga muvofiq mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun belgilangan miqdorlarda soliq toʻlagan shaxslar, shuningdek, voyaga yetmaganlar, talabalar, ishsizlar, homilador ayollar, ikki yoshgacha boʻlgan bolalar parvarishi bilan shugʻullanuvchilar va davlat pensiyasi oluvchilar hamda kam taʼminlangan oilalarning aʼzolari uchun amal qiladi.
2027-yil uchun belgilangan yirik islohotlar
2027-yil 1-yanvardan boshlab, davlat tibbiy sugʻurtasi tizimida kamida 6 oy davomida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi yoki ijtimoiy soliq toʻlagan shaxslar yuqori texnologiyalik tibbiy yordamdan bepul foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu davlat tomonidan sogʻliqni saqlash tizimidagi moliyaviy yukni kamaytirishga qaratilgan muhim chora boʻlib, zamonaviy tibbiy xizmatlardan keng foydalanish imkoniyatini kengaytiradi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur qaror Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimini zamonaviylashtirishga qaratilgan muhim qadam boʻlib, aholiga tibbiy xizmatlardan bepul foydalanish imkoniyatini kengaytiradi. Bu islohotlar mamlakat sogʻliqni saqlash tizimining barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.
Umidjon Qurbonov, OʻzA