Qashqadaryolik 69 yoshli Gulmurod Yoʻldoshev viloyat pulmonologiya markazida muntazam davolanib kelgan. Ammo soʻnggi paytlarda oilaviy sharoiti sabab davolanish orqaga surildi. Bu orada kasallik rivojlandi, mahalliy shifokorlar poytaxtda davolanishni maslahat berishdi.
– Respublika allergologiya markazidagi shifokorlardan telefon orqali maslahat soʻraganimda, “pensiyada boʻlsangiz, yoʻllanma bilan bizda davolanshingiz mumkin” deyishdi, – deydi Gulmurod ota. – Qisqa vaqtda imtiyozli yoʻllanmaga ega boʻldim va davolanish uchun poytaxtga keldim. Toʻgʻrisi, bu yerdagi sharoitlar juda yoqdi qolaversa, hech narsaga pul toʻlamadim. Bizga koʻrsatilgan tibbiy xizmatlar uchun sarflangan xarajatlarni Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi toʻlar ekan. Biz kabi bemorlarga shunday imkoniyatlar yaratgan Prezidentimizdan minnatdorman.
Maʼlumot uchun, Jamgʻarma ushbu markaz bilan shartnoma asosida hamkorlik qiladi. Unga asosan, imtiyozli yoʻllanmaga ega fuqarolar bepul davolanadi, xarajatlarni esa Jamgʻarma qoplab beradi. Xususan 2024-yil 20-fevral holatida markazda davolangan bemorlar uchun 261,8 mln soʻm yoʻnaltirildi.
DTSJ Matbuot va PR xizmati