Guliston tumanidagi Ahillik mahallasida istiqomat qilayotgan, 1976 yilda tug‘ilgan Akromjon Mamatqulov keyingi vaqtda tez-tez chanqash, og‘iz qurishi, terisining quruqlashib, qichishishi, kechki peshobning kunduzgiga nisbatan biroz ko‘payganidan xavotirda edi. Biroq, shamollagan bo‘lsam kerak, deb u qadar e’tibor qilmay, shifokorga ham murojaat etmadi. Ahvol, og‘irlashayotganini sezgach, xavotirga tushib oilaviy shifokorga uchrashdi.
Zarur tekshiruvlar o‘tkaziladi. Unga shamollash emas, o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yildi. Guliston tibbiyot klasterining nefrologiya va gemodializ bo‘limida yo‘llanma asosida gemodializ muolajalari ola boshladi. Biroq, bir oz muddat o‘tib, bu o‘z samarasini bermay qo‘ydi.
Shunda, uning joniga opasi, 1974 yilda tug‘ilgan Gulbahor Muxtorova oro kirdi. U ukasiga bir buyragini berishga qaror qildi. Ma’lum bir tekshiruvlardan keyin, yigirma kunlar avval buyrak transplantatsiyasi bilan bog‘liq yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
Guliston tibbiyot klasterida V.Vahidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi jarrohlari hamrohligida o‘tgan amaliyotdan so‘ng Akromjonni ham, opasi ham salomatligi yaxshi. Ular o‘z uyida, farzandlari oldida, shifokorlar nazorati ostida davo muolajalarini olyapti.
—Rosti, jondek jigaringni kundan-kunga so‘lib borishini ko‘rgach, na ko‘zingga uyqu keladi, na bir qultum suv tomog‘ingdan o‘tadi,—deydi Gulbahor Muxtorova.—Ko‘p ham o‘ylab o‘tirmadim, ukam, uning guldek farzandlari ko‘z o‘ngimdan o‘tavergach, bir buyragimni berishga qaror qildim. Ko‘rib turganingizdek, ukajonim sog‘-salomat. Opa uchun har narsadan ko‘ra, jigarini salomatligi muhimroq. Buning uchun shifokorlarga rahmat. Ular yordami sabab, men ukamga, ukam salomatlikka erishdi.
Opa va ukaga hamda ularning oilasiga quvonch bag‘ishlab, bir insonning hayotini asrab qolishga sabab bo‘lgan ushbu jarrohlik amaliyoti uchun sarflangan harajatlarni Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berdi.
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi
Matbuot xizmati