Laboratoriya diagnostikasi — tibbiyotning eng muhim sohalaridan biri. U tashxis qoʻyishni osonlashtirib, eng samarali davolash usullarini tanlash imkonini beradi.
Aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy laboratoriya xizmati samaradorligi va sifatini yanada oshirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimida kasalliklarni muolaja qilish koʻrsatkichlarini oshirish maqsadida yangi tajriba yoʻlga qoʻyilmoqda.
2025-yil 1-yanvardan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalariga laboratoriya xizmatlari koʻrsatuvchi markazlashgan laboratoriyalar tashkil etish loyihasi amalga oshirila boshlaydi. Buning uchun tajriba-sinov tariqasida 3 ta hudud — Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus shahri, Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanlari tanlab olindi.
Hozir ushbu 3 ta hudud laborantlari Toshkent shahar tibbiy maslahat-diagnostika markazida bu tajribani hayotga tatbiq etish uchun tayyorgarlik koʻrishmoqda. Ular etuk mutaxassislar tomonidan maxsus darslarda qatnashib, yangi laboratoriya uskunalarida ishlash koʻnikmalarini egallamoqda.
Sir emas, ayni paytda respublika boʻylab barcha oilaviy poliklinikalarda laboratoriya va tahlillar sifati bir xil emas. Mavjud laborator jihozlar hamda sarflov materiallari sifati va hajmi har doim ham qoniqarli darajada boʻlmaydi.
Masalan, poliklinikada topshirilgan tahlil natijalariga ixtisoslashgan markaz shifokorlari ishonchsizlik bilan qaraydigan va bemorni qayta tahlil topshirish uchun boshqa laboratoriyaga yoʻnaltiradigan holatlar ham uchrab turadi. Bunday ovoragarchilik va ortiqcha xarajatlarning oldini olish hamda bemorlarga yanada qulaylik yaratish uchun ham bu yangi tajribaga qoʻl urildi.
Tanlangan 3 ta hududdagi barcha poliklinikalarda aholidan biomateriallarni qabul qilish xonalari tashkil etiladi. Ular maxsus jihozlangan avtotransport vositalarida zamonaviy markazlashgan laboratoriyalarga etkaziladi. Ushbu natijalar jahon standartlari asosida ilgʻor usullarda tekshiriladi. Shu tariqa bemorga aniq tashxis qoʻyish imkoni yaratiladi va ortiqcha sarsongarchilikka chek qoʻyiladi.
Laborator tahlillar natijasi tibbiyot muassasalariga elektron axborot tizimi orqali joʻnatiladi va avtomatik ravishda bemorning elektron kartasiga kiritiladi. Bemor birlamchi tizimda emas, boshqa ixtisoslashgan shifo maskanlarida davolanishi kerak boʻlgan taqdirda ham ushbu baza orqali oʻz natijalarni olishi kafolatlanadi.
Loyiha doirasida markazlashgan laboratoriyalarda hududdagi barcha birlamchi boʻgʻin muassasalariga biriktirilgan aholiga yoʻllanma asosida kafolatlangan paket doirasida xizmat koʻrsatiladi. Xarajatlar Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tomonidan qoplab beriladi.
Asosiysi, olis hududda yashaydigan fuqaro ham oʻz poliklinikasida topshirgan tahlillarining natijalari yuqori sifatli ekaniga ishonch hosil qila oladi va samarali davolash orqali shifo topadi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.