Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Qanday toifadagi bemorlar imtiyozli davolanish huquqiga ega?

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Qanday toifadagi bemorlar imtiyozli davolanish huquqiga ega?
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Qanday toifadagi bemorlar imtiyozli davolanish huquqiga ega?

Sir emas, yaqin yillargacha ehtiyojmand bemorlarning viloyat yoki respublika tibbiyot muassasalarida davolanishlari uchun qogʼoz shaklidagi “order” tizimidan foydalanib kelingan.

Biroq bunday imtiyozlarni berishda koʼpincha korruptsion holatlarga yoʼl qoʼyilgan. Oqibatda fuqarolar turli qiyinchiliklarga duch kelgan. Bu esa haqiqiy ehtiyoji bor aholining davolanish uchun yillab navbatda turishiga yoki “order” ololmay, sarson boʼlishiga sabab boʼlgan.

Аytish lozimki, davlatimiz rahbarining 2021 yil 28 iyuldagi PQ-5199-son qaroriga muvofiq bunday amaliyotdan butunlay voz kechildi. Natijada Davlat byudjeti mablagʼlari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga kvota asosida «order» berish tartibi bekor qilinib, ularni elektron tizim orqali hisobga olish va navbat asosida davolanishga yoʼllash tizimi joriy etildi.

— Bu orqali sohada shaffof mexanizmlar amaliyotga tatbiq qilindi, — deydi Tibbiy yordamni tashkillashtirish departamenti boʼlim boshligʼi Аzizbek Hamroqulov. — Natijada aholiga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali oʼzining murojaati hamda navbati haqidagi axborotni olish imkoniyati yaratildi.

Bu yoʼllanma elektron axborot tizimida avtomatik ravishda shakllantirilib, bemor davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotida tibbiy xizmatlardan foydalanishni ixtiyoriy tanlaydi.

Xoʼsh, ushbu toifaga qanday shaxslar kiradi?

Prezidentimizning 2003 yil 26 fevraldagi PF-3214-son farmonida yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʼrsatuvchi tibbiyot tashkilotlari tomonidan Davlat byudjeti mablagʼlari hisobidan tibbiy yordam koʼrsatiladigan 20 ta imtiyozli toifadagi shaxslar roʼyxati keltirilgan.

Jumladan, yetim bolalar, I va II guruh nogironligi boʼlgan, yoshga oid pensiyaga chiqqan va ishlamaydigan hamda 1941–1945 yillardagi urush oqibatida nogiron boʼlgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, ularga tenglashtirilgan shaxslar, baynalmilalchi-jangchilar, “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali kam taʼminlangan oilalarning bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi aʼzolari, Kambagʼal oilalar reestriga kiritilgan oilalarning aʼzolari va oylik daromadi oila aʼzolarining har biriga minimal isteʼmol xarajatlari miqdorining 2 baravaridan koʼp boʼlmagan oilalarning aʼzolari imtiyozli davolanish huquqiga ega.

Bemor davolanganidan soʼng Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi ushbu muassasaga bazaviy narxlar doirasida koʼrsatilgan tibbiy xizmatlarni asoslovchi hujjatlarga muvofiq sarflangan mablagʼlarni Davlat byudjeti hisobidan oʼtkazib beradi.

Mazkur imtiyoz asosida shifoxonada davolanayotgan shaxslarga oʼz hisobidan dori vositalari va tibbiy buyumlar buyurilishi aslo mumkin emas.

Shifoxonada bemorlar tomonidan olib kelingan dori vositalar va tibbiy buyumlarni ishlatishga ruxsat berish tartibi Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan.

Bu boradagi huquqiy asos Prezidentimizning 2022 yil 26 oktyabrdagi PQ-411-son qarorida belgilab qoʼyilgan. Unga koʼra, bemorlarni davolash uchun talab etiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar toʼliq shifoxona tomonidan xarid qilinadi.

Sogʼliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.