Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Qandli diabetga chalinganlar himoyaga olinmoqda

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Qandli diabetga chalinganlar himoyaga olinmoqda
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Qandli diabetga chalinganlar himoyaga olinmoqda

           Endokrinologlar qandli diabetga chalinganlarga parhez tutishni tavsiya qilishadi. To‘g‘ri, bu ma’lum muddat qondagi qand miqdorini me’yorlashtiradi, lekin muammoga to‘liq yechim bo‘la olmaydi. Qandli diabet kuchayib borish xususiyatiga ega. Oshqozonosti bezi taxminan besh yil davomida qandli diabetni bildirmaydi. Insulinni ko‘p ishlab chiqarib, qand miqdorini me’yorda ushlab turadi. Insulin miqdori esa, bir necha barobar ko‘payib ketadi. Deylik, bir insulin yuzaga kelgan to‘siq tufayli hujayraga yetib borolmay qoldi. Vaqt o‘tishi bilan oshqozonosti bezidan chiqqan yana ikkinchi, uchinchi insulin oldida ham to‘siqlar yuzaga kela boshlaydi. Oqibatda qonda glyukoza miqdori oshib ketadi.
Mamlakatimizda mazkur kasallikning oldini olish, sohada tibbiy xizmat sifatini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Prezidentimizning joriy yilning 26-yanvarida qabul qilingan “Endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari”gi qarori ixtisoslashgan samarali va zamonaviy endokrinologiya yordami tizimini shakllantirish, qandli diabet va boshqa endokrin kasalliklar profilaktikasi va ularni barvaqt aniqlash choralarini yanada takomillashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
2022 yil 1 apreldan endokrin kasalliklarni erta aniqlash, maqsadli kuzatishni ta’minlash uchun tibbiy kuzatuv va patronajning yangi modeli joriy etiladi. Unga ko‘ra, oila shifokorlari endokrin kasalliklarni tashxislash hamda davolash bo‘yicha qayta tayyorlanadi, endokrin kasalliklar mavjud oilalarga maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan patronaj hamshirasi biriktiriladi.
Hozirda bu kabi chora-tadbirlar davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatiga tajriba-sinov tariqasida joriy etish doirasida amalga oshirilmoqda. Bu boradagi qator savollarga Boyovut tuman tibbiyot birlashmasi endokrinologi Mohira Fayzullayeva javob berdi.
–Davlat tibbiy sug‘urtasiga o‘tish jarayonida bemor to‘g‘risidagi ma’lumotlarning elektron ma’lumotlar bazasi yaratildi,–deydi M.Fayzullayeva.–Endilikda biz bemor kelganini, u haqidagi ma’lumotlarni u qabulga kirmasidan kompyuterda qayd etilgan ma’lumotlardan bilib olamiz. Shuningdek, qo‘limizda bemorni qayerga jo‘natish, laborator-instrumental tekshiruv natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham tayyor turadi. Kasal kelishi bilan uni qabul qilib, tekshiruv natijalariga asoslangan xulosalarga ko‘ra muolaja ishlarini boshlaymiz. Oilaviy shifokor jo‘natgan bemor uch tomonlama yo‘llanmani tor soha, xususan, endokrinologga olib keladi va bir tarafini to‘ldirib oilaviy shifokorga jo‘natamiz. Kerakli vaqtda elektron qurilma (mobil aloqa vositalari) orqali oilaviy shifokorni ogohlantirib, bemor haqidagi barcha ma’lumotlarni yuborib, tavsiyalarni aytib beramiz.
Hozirda Boyovut tuman tibbiyot birlashmasida endokrin kasalliklari bilan 1610 nafar bemor ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning sal kam 30 foizida insulinga ehtiyoj mavjud. Hozirgi kunda insulinga muhtoj bemorlar birinchi tipiga kiruvchilar glyukometr va insulin analoglari bilan ta’minlanmoqda. Qandli diabet kasalligini 2-tipi bilan og‘rigan va insulin bilan davolashga o‘tkazilgan bemorlar ham insulin preparati bilan ta’minlanmoqda.Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish jarayonida viloyatdagi qandli diabet kasalligi 2-tipi aniqlangan bemorlar “metformin” dori vositasi bilan to‘liq ta’minlanadi.
Dispanser nazoratida olingan bemorlar individual tarzda maqsadli tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, umumiy holatini hisobga olgan holda laborator-instrumental tekshiruvlardan o‘tkaziladi. Natijalarga asoslanib zaruriy ko‘rsatma va tavsiyalar beriladi.
Bemorlar orasida o‘z salomatligiga e’tiborli bo‘lgan, shifokor tavsiyalarini to‘liq bajaradigan, parhez talablariga amal qiladigan hamda o‘z vaqtida tekshiruvlardan o‘tib turadigan bemorlar uchun doimiy tarzda onlayn endokrinolog maslahati yo‘lga qo‘yilgan.

Endokrin kasalligi bilan og‘rigan bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada oshirish maqsadida oilaviy shifokorlar maxsus kurslarda o‘qitildi. Kelgusida bemorlarga insulin dori vositasini tavsiya qilish, insulin dozalarini korreksiyalash va nazoratini olib borish oila shifokori ma’sul bo‘ladi. Odatda, insulin olishni ham o‘ziga xos tartib-qoidasi mavjud. Shu bois shifokor va hamshiralar uni qabul qilishni boshlagan har bir bemorga alohida tushuntiradi. Insulin doim tanani bir joydan qilinganda asoratlar qoldirishi mumkin va bu holatning oldini olish uchun dorini qabul qilish joyi (ya’ni qo‘ldan oyoqqa yoki uning teskarisiga) o‘zgartiriladi.
Qandli diabetning 1-tipi bolalar va o‘smirlar orasida uchraydi. Hozirda tumanimizda birinchi turga kiruvchi 6 nafar voyaga yetmagan va 10 nafar bemor o‘smir bolalar bor. Endokrinologiya markazi ularni qondagi qand miqdorini me’yorda ushlab turuvchi vositalar va aniqlovchi test tasmachalari to‘plam bilan to‘liq ta’minlagan. Insulin qabul qilish borasidagi barcha yo‘l-yo‘riqni bolaning onasiga tushuntiramiz. Qanday holatda, qaysi bosqichlarda foydalanish o‘rgatiladi. Bundan tashqari har bir bemorga o‘zini – o‘zi nazorat qilishi uchun mustqil nazorat kundaligi ham beriladi. Unda bemor kunlik holatini, shikoyatlarini sanasi bilan yozib boradi va endokrinolog mutaxassisga kelganda o‘zi bilan olib keladi. Bu o‘z navbatida kasallikni asoratlarini oldini olish va davolashga imkoniyat yaratadi.
Davlat tibbiy sug‘urtasini joriy etishning asosiy talablaridan hisoblangan “tibbiy brigada”lar hozirda barcha hududlarda tashkil etilmoqda. Shu bois birlamchi yordam ko‘rsatish tibbiyot muassasalaridagi hamshiralar har bir bemorning antropometrik ko‘rsatkichlarini aniqlaydi, savolnoma orqali kasallanish xavfini belgilash, qon bosimi, vazni, bo‘yi, qondagi qand miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shifokor-mutaxassisga olib keladi. Shundan so‘nggina “tibbiy brigada” a’zolari kimni, qanday tartibda nazoratga olishni rejasini ishlab chiqadi.

Davlat tibbiy sug‘uratasi jamg‘armasi matbuot xizmati