Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini yurtimiz hududlariga keng tatbiq etish ishlari olib borilmoqda. Xususan, joriy yilning 1 iyulidan Toshkent shahrida davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi joriy etildi. 1 oktyabrdan esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham amaliyotga joriy etiladi.
Maqsad davlat tibbiy sug‘urtasi tizimida birlamchi tibbiy-sanitariya yordamni rivojlantirish orqali kasalliklarni erta aniqlash, to‘g‘ri tashxislash hamda sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish choralari ko‘rish demakdir. Bunda eng avvalo, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini har tomonlama mustahkamlash, tibbiy profilaktika va patronaj tizimining mutlaqo yangicha shaklini yaratishga e’tibor qaratilmoqda.
Shu bois birlamchi bo‘g‘inda samarali yordamni tashkillashtirishga e’tibor qaratilib, aholini biriktirish tadbirlari davom etmoqda. Hozirga qadar aholining 74,5 foizi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalariga biriktirildi.
Taxtako‘pir, Buzatov, Qorao’zak, Chimboy, Kegayli, Nukus, Mo‘ynoq va Ko‘ng‘irot tuman tibbiyot birlashmalarida Shifokor oldi ko‘rigi xonalari tashkil etilib, 947 ta tibbiy brigada tuzildi. Amaliyotchi hamshiralar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu tumanlarda yashovchi aholi skrining tekshiruvlaridan o‘tkazilganda 112 ming 348 nafarida turli darajadagi havf guruhlari aniqlandi. Jumladan, 26 ming 112 nafar yurak ishemik kasalligi, 68 ming 827 nafar arterial gipertoniya aniqlandi. Hozirda D-nazoratda turgan bu bemorlarni dori vositalariga bo‘lgan ehtiyojlari o‘rganilmoqda.
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining ishonch telefonlariga yurtimizning boshqa hududlari qatorida Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashovchi imtiyozli toifaga ega fuqarolardan ham murojaatlar bo‘lmoqda. Misol uchun, Xujayli tumanda yashovchi 2 guruh nogironi B.Maxmutova Kardiologiya hududiy shifoxonasida davolanishni istab, DTSJning ishonch telefoniga murojaat qildi. Nukuslik S. Atamuratova esa o‘z murojaatida ikki yoshli o‘g‘lida tug‘ma yurak nuqsoni aniqlangani, uni poytaxtda bepul davolatishda amaliy yordam suragan. Hozirda bemorlarning sog‘lig‘i nazoratga olgan.
Ma’lumot uchun: Jamg‘arma joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi 4 ta tibbiyot muassasasi bilan 4,8 mlrd so‘mga shartnoma tuzgan edi. Hozirgi kun holatida imtiyozli toifadagi bemorlarda o‘tkazilgan yuqori texnolog jarrohlik amaliyotlariga sarflangan xarajatlarni qoplash maqsadida 2,4 mlrd so‘m to‘lab berildi.
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi
Matbuot xizmati.