Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Qozog‘iston: Xalqaro tajriba o‘rganilmoqda

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Qozog‘iston: Xalqaro tajriba o‘rganilmoqda
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Qozog‘iston: Xalqaro tajriba o‘rganilmoqda

Qozog‘istonda “Birlamchi tibbiy-sanitariya tizimidagi yutuqlar Konseptsiyadan amaliyotga” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Unda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosi vakillari, dunyoning turli mamlakatlaridan shifokorlar, O‘zbekiston delegatsiyasi safida DTSJ rahbarlari va xodimlari ham ishtirok etmoqda.
Konferensiyada birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari (BTSYOM)ni rivojlantirishda tibbiyot muassasalarida tizimli rag‘batlantirish va rahbarlarning o‘rni, BTSYOM tizimida tashkil etilgan va amaliyotga joriy etilgan mutaxassislar (oilaviy shifokor, hamshiralar, ijtimoiy soha vakili, psixolog)dan iborat tibbiy brigadalarning vazifalari, majburiyatlari kabi masalalar keng muhokama qilinmoqda.

Tadbir doirsida Qozog‘istonning Yenbekshikazax tumanida birlamchi tizimni amaliyotga joriy etish borasida erishilgan natijalarni “namoyish etish maydonchasi”da ko‘rgazma o‘tkazildi va ishtirokchilarning tajriba almashishiga imkoniyat yaratildi.
Konferensiyada Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining ijro etuvchi direktori F.Sharipov O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tibbiyot sohasidagi islohotlar, xususan, sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish jarayonlari haqida so‘zlab berdi.

“Aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning sifati, samaradorligi va ommabopligini oshirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘lamini kengaytirish, sohaga bosqichma-bosqich tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish, tibbiy xizmatlar bozorida zamonaviy raqobat muhitini yaratish, shu asosda aholining kafolatlangan va sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatlarini kengaytirish doimiy e’tiborda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 noyabrda qabul qilingan “Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Unga ko‘ra, Sirdaryo viloyatida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida oilaviy shifokor, uning o‘rta tibbiyot xodimlaridan iborat terapiya va pediatriya yo‘nalishlari bo‘yicha yordamchilari, patronaj hamshiralari va doyadan tashkil topgan guruhlar tuzildi.
Har bir tibbiyot muassasasi darajasida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketi (keyingi o‘rinlarda – kafolatlangan paket) ishlab chiqildi. Sirdaryo viloyatidagi 11 ta tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi va 18 ta viloyat shifoxonasi bilan shartnoma tuzish orqali ulardan kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlar xaridi yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu shartnomalarga asosan birlamchi tizim muassasalari ularga biriktirilgan aholi soni va tarkibidan kelib chiqib, dispanser xizmatlarini ko‘rsatuvchi muassasalar global budjet asosida va statsionar muassasalar bajarilgan ishlar natijasi (davolangan holatlar) bo‘yicha moliyalashtirish tizimiga o‘tkazildi. Bunda, tuman (shahar) va viloyat darajasidagi shifoxonalarga ajratiladigan mablag‘larning 10 foizi Jamg‘arma tomonidan qayta hisoblangan holda har bir davolangan holatlar soni bo‘yicha to‘lab berilmoqda.

Tajriba sinov loyihasi davomida Sirdaryo viloyatining tuman, shaharlarida 14 ta ixtisoslashtirilgan bo‘limlar tashkil etilib, o‘tgan davr mobaynida 2 740 nafar bemorga ixtisoslashtirilgan yordam ko‘rsatildi. Jarrohlik amaliyotlari soni iyul oyida 1 355 dan dekabr oyida 1750 taga (+395 ta), ya’ni 29,1 foizga oshib, 310 nafar bemorga viloyatning o‘zida yuqori texnologik jarrohlik operatsiyalari o‘tkazildi. Operativ faollik 24,5 dan 38 foizga oshishiga erishildi.

Xorijiy ekspertlar davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishda samaradorlikni yanada oshirishda yaqindan amaliy ko‘mak berish taklifini bildirdi. Bunda tibbiy sug‘urta joriy etilgan va yaxshi samara bergan xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish, ularning malakali mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari o‘tkazish va tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish mo‘ljallanmoqda.
Erishilayotgan bu kabi yutuqlar konferensiya ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Qozog‘istonda o‘tkazilayotgan ushbu konferensiya 1 aprelgacha davom etadi.

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi matbuot xizmati