Bugungi kunda tibbiyot sohasidagi transformatsiya jarayonlari yangi bosqichga koʼtarilmoqda. Buni amaliyotga tatbiq etilayotgan Reimbursatsiya dasturi misolida ham koʼrish mumkin.
Reimbursatsiya, yaʼni “xarajatlarni qoplash” maʼnosini anglatadigan bu tizim 2020 — 2024 yillar davomida Sirdaryo viloyatida sinovdan oʼtkazildi. Hozirgi paytda esa Sirdaryo viloyati bilan birga Toshkent shahrida ham amaliyotga tatbiq etilayotir.
Xoʼsh, bu dasturning asosiy mohiyati nimadan iborat, bu orqali qanday maqsadlar koʼzlanmoqda?
Аvvalo, ushbu ezgu ishda Prezidentimizning 2024 yil 5 sentyabrdagi “Davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora tadbirlar toʼgʼrisida”gi qarori dasturilamal boʼlganini aytish zarur.
Zero, unda shifokor tomonidan rasmiylashtirilgan elektron retsept asosida dori vositalari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi doirasida bemorga dorixonalar tomonidan bepul berilishi va barcha xarajatlar Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi mablagʼlari hisobidan qoplanishi belgilab qoʼyilgan.
Hozir dasturga 7 xil surunkali xastalik — gipertoniya, yurak-ishemik kasalligi, qandli diabetning 2 turi, bronxial astma va oʼpkaning surunkali obstruktiv xastaligi kiritilgan boʼlib, ularga chalingan bemorlarga 27 xil dori-darmonlar bepul beriladi.
Tizimdan foydalanish imkon qadar soddalashtirilgan. Fuqaro, avvalo, oilaviy shifokorga borib uchraydi. Bordi-yu, unda sal ilgariroq nomlari keltirib oʼtilgan kasalliklardan biri yoki bir nechtasi aniqlanadigan boʼlsa, shifokor elektron retsept shakllantiradi.
Soʼng bemor telefoniga SMS kod keladi va shu kod Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi bilan shartnoma tuzgan dorixonaga ham boradi. Bemor yoki uning yaqinlaridan biri shu SMS kodni dorixona xodimiga koʼrsatib, retseptdagi dorilarni olishi mumkin boʼladi.
SMS yaxshi ishlamaydigan joylardagi bemorlar nima qiladi? Аlbatta, bu masala ham hisobga olingan. Oilaviy shifokor tomonidan QR-kodli elektron retsept shakillantiriladi va bemorga beriladi.
Bemor yoki uning yaqinlaridan biri QR-kodli elektron retseptni Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi bilan shartnoma tuzgan dorixona xodimiga taqdim etadi va oʼziga kerakli dori vositalarini oladi.
Аmmo shu bilan jarayonlar yakunlanmaydi. Bemor oʼzi olgan dorilarni qabul qilib boʼlgach, yana shifokor huzuriga keladi. Shifokor uni tekshirib boʼlgach, yangi elektron retseptni shakllantiradi.
Bu galgi dorilar miqdori, yaʼni dozasi farq qilishi mumkin. Muhimi, ana shu jarayon to bemor darddan toʼliq forigʼ boʼlib ketgunicha davom etadi.
Shu oʼrinda yana bir jihatni koʼzdan qochirmaslik joiz. Gap bemorlarda kuzatiladigan oʼziga xos “injiqlik” haqida bormoqda. Аyrim bemorlarning dori vositalarini vaqtida qabul qilmasligi holatlari uchrab turadi.
Bu jihat ham dastur ijodkorlari eʼtiboridan chetda qolmagan. Patronaj hamshirasi oʼzining hududida dastur doirasidagi necha bemor borligini yaxshi biladi va tez-tez ularning uyiga borib, narozat qilib turadi. Kimdir dorini vaqtida qabul qilmayotgan boʼlsa, hamshira tushuntirish ishlari olib boradi.
Bu kabi xayrli saʼy-harakatlardan koʼzlangan maqsad yanada eʼtiborli. Yaʼni bu bilan surunkali kasalliklarni tizimli ravishda davolashni yoʼlga qoʼyish, kasalliklarning oldini olish va dori taʼminotini yaxshilash orqali aholini moliyaviy himoyalash hamda yurtdoshlarimizning oʼz salomatligiga boʼlgan masʼuliyatini oshirish maqsad qilingan.
Bejiz aholining oʼz salomatligiga boʼlgan masʼuliyatini oshirishni alohida eslatib oʼtmadik. Yurtdoshlarimiz orasida oʼz sogʼligʼiga beeʼtibor boʼlganlar ham kam emas. Kimdir dori-darmonni olishga olib, vaqtida qabul qilmasa, boshqa birlari ovqatlanish tartiblariga amal qilmaydi.
Qachonki, biz oʼz salomatligimizga masʼullik bilan yondashar ekanmiz, ana shunda dasturdan koʼzlangan maqsadlarga toʼligʼicha erishamiz.
‼️Eslatib oʼtamiz, Reimbursatsiya dasturi 2026 yilning yakuniga qadar mamlakatimizning barcha hududlarida joriy etiladi.
DTSJ Matbuot va PR xizmati