Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Sifatli tibbiy xizmat — sog‘lom hayot omili

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Sifatli tibbiy xizmat — sog‘lom hayot omili
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Sifatli tibbiy xizmat — sog‘lom hayot omili

Yurtimizda keyingi yillarda barcha sohalarda bo‘lgani kabi sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar ham izchil davom ettirilmoqda. Aholi salomatligini saqlash borasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, viloyat aholisiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish, kasalliklarni hududlar bo‘yicha chuqur o‘rganib tahlil qilish va hududlarning o‘z xususiyatlaridan kelib chiqqan holda kasalliklar profilaktikasi, diagnostikasi va davolashning zamonaviy va ilg‘or usullarini amaliyotga tadbiq etish, shifoxonalarni zamonaviy tibbiy asbob – uskunalar bilan ta’minlanib, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida kadrlar kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, operativ maxoratini boyitish borasida viloyat sog‘liqni saqlash tizimida muayyan natijalarga erishilmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, dunyo aholisining deyarli yarmi eng kerakli tibbiy xizmatlar bilan to‘liq qamrab olinmagan. 800 milliondan ortiq aholi yoxud dunyo aholisining 12 foizi daromadlarining kamida 10 foizini sog‘liqni saqlash xarajatlariga sarflashadi.

Texnologik taraqqiyot tibbiyotdagi og‘riqli masalalarni hal qilayotgan bo‘lsada, ko‘plab davlatlarda qashshoqlik aholi salomatligi darajasi ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymayapti. Natijada, ochlik va nosog‘lom yashash tarzi millionlab odamlar hayotini qiyinlashtirmoqda. Xo‘sh, muammoni bartaraf etish yo‘llari bormi?

Eng optimal yechimlardan biri majburiy tibbiy sug‘urtani joriy qilishdir. Bunda moliyaviy baquvvat bo‘lmagan aholining barcha qatlami ham to‘liq tibbiy xizmat bilan qamrab olinadi. Ammo sanoqli rivojlangan davlatlargina ushbu sug‘urta turini amaliyotga muvaffaqiyatli kiritgan. Chunki tizimni yo‘lga qo‘yish uchun tibbiyot butun mamlakat bo‘ylab bir xil darajada rivojlangan bo‘lishi talab etiladi, bundan tashqari bir qancha iqtisodiy – ijtimoiy omillar tibbiy sug‘urtani amaliyotga tanishtirishga xalaqit qiladi.

Tibbiy sug‘urta shunday imkoniyatki, u nafaqat aholi salomatligini kafolatlaydi, balki tibbiyotdagi og‘riqli masalalar (tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasi, korrupsiya, byurokratizm, navbatda turish, kadrlar taqchilligi va boshqa muammolar) ni ham ijobiy tomonga o‘zgartira oladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 25 maydagi “Sog‘liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-5124-sonli qarorning 11-bandi va 2021-yil 28-iyuldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-5199-sonli qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash tizimida ham samarali ishlar olib borilmoqda.

Buxoro viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filiali, bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi – Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi budjet mablag‘lari xisobidan yuqori texnologik tibbiy xizmatlar ko‘rasatilib, davolash ishlari amalga oshirilmoqda.

Shartnomaga muvofiq ajratilgan mablag‘lar tibbiyot muassasalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 26-fevraldagi PF-3214-son Farmoni 2-ilovasi bilan tasdiqlangan imtiyozli toifadagi shaxslarni hamda Adliya vazirligida 2022-yil 9-fevralda 3348-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan Davlat budjeti mablag‘lari xisobidan davolanadigan kasalliklarni davolashda maqsadli ishlatilishi va barcha bemorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar IT-MED dasturida (https://mis.ssv.uz/) elektron navbat orqali QR-kodli yo‘llanmalar asosida qabul qilinishi yo‘lga qo‘yilgan.

Zamon talablaridan kelib chiqib viloyatimizda mavjud barcha tibbiyot muassasalari to‘liq (100%) optik tolali internet tarmog‘iga ulanganligi va xozirda Buxoro shahridagi 11 ta oilaviy poliklinikalarning barchasi hamda Kogon shahar, Vobkent, Qorako‘l, G‘ijduvon tumanlari tibbiyot birlashmalari va ularning oilaviy poliklinikalarida elektron navbat tizimi, (Teshnomed) “Elektron poliklinika” (poliklinika.ssv.uz) tizimi bilan integratsiyalash ishlari davom etmoqda.

Tuzilgan shartnomalarga asosan imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarda 2 mlrd. 800 mln. so‘m Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi byudjet mablag‘lari xisobidan yuqori texnologik tibbiy xizmatlar ko‘rasatish ishlari boshlab yuborilganligi, aholiga namunali tibbiy xizmat ko‘rsatish, ular sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar o‘z vaqtida bartaraf etish hamda aholiga kafolatlangan tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qator tizimli ishlar olib borilmoqda.

Viloyat aholisining salomatlik holati hamda kasallanish ko‘rsatkichlarini aniqlash maqsadida 873 ta “Tibbiyot brigadalari” tashkil qilinib, brigadalarga 928 nafar oilaviy shifokor va 2 835 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari jalb qilindi. Har bir tibbiyot brigadalariga 0,5 hissa doya stavkasini ajratish ishlari davom etmoqda. Shuningdek, mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan ajratilgan 2,3 mlrd. so‘m mablag‘lar hisobiga barcha zaruriy mobil diagnostika vositalari bilan ta’minlandi.

Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash tizimida bosqichma – bosqich joriy etish, kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlar ko‘rsatish uchun tibbiyot muassasalarini zarur tibbiy texnika bilan jihozlash, oilaviy shifokor yo‘llanmasi asosida kafolatlangan paketga kiritilgan bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini tashkil etish, Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq imtiyozli toifadagi shaxslarga bazaviy narxlar doirasida tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan Buxoro viloyati tibbiyot muassaslarida amalga oshirilayotgan isloxotlar natijalari va istiqbollari borasida muzokaralar hamda targ‘ibot va tashviqot ishlari reja – dasturga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Shahar va tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari hamda oilaviy poliklinikalarda 94 ta shifokor oldi ko‘rigi xonalari tashkil etilib, ushbu xonalar zarur tibbiy uskunalar bilan ta’minlandi. Tumanlar markazidan olis va chekka hududlarda mahalla tibbiyot punktlarini tashkil etish maqsadida 120 dona konteynerlar olib kelindi va aksariyat tumanlarda (73 ta lokatsiyada) o‘rnatilib ishga tushirildi.

Tuman va shahar tibbiyot birlashmalari boshliqlari, KTMP/OP/OSHP mudirlari hamda viloyat davolash profilaktika muassasalari rahbarlari ishtirokida ZOOM (platformasi) orqali Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi faoliyati, sug‘urta tizimi mexanizmlarini Buxoro vilotida joriy etish hamda jamg‘arma tomonidan viloyat miqyosida 3 ta tibbiyot muassasasi bilan tuzilgan shartnomalar asosida olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha VKA (vks) yig‘ilishi o‘tkazildi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, o‘tgan davr mobaynida Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi byudjet mablag‘lari hisobidan Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 56 nafar bemor, Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 284 nafar bemor, hamda Buxoro viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 115 nafar bemorga jami 455 nafar bemorlarda yuqori texnologik operatsiyalar bajarildi –tibbiy xizmatlar ko‘rasatildi.

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi Buxoro viloyati hududiy bosh mutaxassisi Zafar Sharipov.