Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Sirdaryoda reimbursatsiya dasturi joriy etilmoqda

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Sirdaryoda reimbursatsiya dasturi joriy etilmoqda
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Sirdaryoda reimbursatsiya dasturi joriy etilmoqda

Bu bemorga oilaviy shifokor yozgan elektron retsept asosida dorixonadan dori vositalarini bepul olish imkonini beradi.

Xabaringiz bor, Sirdaryo viloyatining sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘ini muassasalarida xalqaro tajribalar asosida qator dasturlar amalga oshirilmoqda. Xususan, aholiga kafolatlangan paket doirasida bepul tibbiy yordam ko‘rsatish va dori vositalari bilan taminlash choralari ko‘rilmoqda.

Shuningdek, surunkali kasalliklarni ambulator sharoitda davolashda zarur bo‘ladigan ayrim dori vositalari bilan bemorlarni dorixona orqali bepul ta’minlash dasturi ishlab chiqildi.

Ushbu dastur Reimbursatsiya deb nomlanadi. Reimbursatsiya – inglizcha so‘z bo‘lib, “xarajatlarni qoplash” ma’nosini anglatadi – bu aholini dori vositalari bilan ta’minlash hisoblanib, alohida surunkali kasalliklarni davolash uchun shifokor tomonidan buyurilgan dori vositalari xarajatlarini maqsadli kompensatsiya qilishni nazarda tutadi.

Davolash standartlariga ko‘ra dori vositalarini qabul qilish har qanday kasallikni davolashning ajralmas qismidir, biroq surunkali kasalliklarni ambulator sharoitda uzluksiz davolash tizimi mukammal emas. Shu bois aholini zarur dori vositalardan foydalanish imkoniyatini oshirish maqsadida reimbursatsiyani amaliyotga joriy etishga zaruriyat yuzaga keldi.

Reimbursatsiya dasturi bemorga oilaviy shifokor yozgan elektron retsept asosida dorixonalar orqali dori vositalarini bepul olish imkonini beradi. Reimbursatsiyaga Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida arterial gipertoniya, yurak ishemik kasalligi, qandli diabetning 2-turi, bronxial astma va o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalliklarini ambulator sharoitda davolash uchun 11 turdagi dori vositasi kiritilgan.

Bu ishlar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi va dorixonalar o‘rtasida tuzilgan hamkorlik shartnomasi asosida amalga oshirilmoqda.

—Hozirda Sirdaryo viloyatining Guliston shahri, Sirdaryo, Boyovut, Sayxunobod va Mirzaobod tumanlarida “dispanser” hisobda turadigan bemorlarga dori vositalari yetkazib berish maqsadida bir qator dorixonalar bilan shartnoma tuzildi,—deydi Davlat tibbiy sug‘urtasi hududiy bo‘lim bosh mutaxassisi Dilorom Ergasheva.— Bunda ro‘yxatda keltirilgan kasallarni ambulator sharoitda davolanishi uchun elektron retsept asosida dori vositalari berilmoqda. Albatta, bundan surunkali kasalligi bor bemorlar va ularning yaqinlari xursand. Chunki, dorixona orqali bepul taqdim etilayotgan dori vositalari kasalliklarning asoratini bartaraf etish bilan bir vaqtda turli ovoragarchiliklarning oldini olishda qo‘l keladi.
Quvonarlisi reimbursatsiya dasturi doirasida Sirdaryoda boshlangan ishlar o‘z ijobiy natijasini ko‘rsatgach, 2023 yildan boshlab yurtimizning boshqa hududlarida ham bosqichma–bosqich joriy etiladi.

G‘ulom PRIMOV,

Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot kotibi