O‘tgan yili Sirdaryo viloyatida 136 nafar bemorda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘i hisobidan yurak koronar arteriyalarida yuqori texnologiyali diagnostika va stentlash amaliyoti o‘tkazildi.
Ushbu amaliyotlar Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filialining xirurgiya bo‘limi boshlig‘i, endovaskulyar-xirurg Xurshid Hakimov boshchiligidagi mahalliy mutaxassislar tomonidan muvaffaqiyatli bajarildi.
— Shuningdek, o‘tgan yili filialimizda yurak-qon tomir tizimida muammosi bo‘lgan 856 nafar bemorda koronarongiografiya tekshiruvlari, 324 nafar bemorda koronar arteriyalarida stentlash, 2 nafar bemorda EFT va RTA amaliyotlari, 3 nafar bemorga doimiy elektrokardiostimulyator o‘rnatish amaliyoti, 5 nafar bemorda kam uchraydigan yurak tug‘ma nuqsoniga okklyuder qo‘yish, 22 nafar bemorga shuntografiya, 3 nafar bemorga ventrikulografiya va boshqa yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari bajarildi, —deydi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filiali direktori Shuhrat Husanov. – Yaqin-yaqingacha bunday jarrohlik amaliyotlari uchun sirdaryolik bemorlar Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga yoki Rossiya, Hindiston kabi davlatlarga borishga majbur edilar. Endilikda esa bu kabi ovoragarchiliklarga umuman hojat qolmadi.
Darvoqe, keyingi bir yarim yilda bu yerda yurak-qon tomir kasalliklari bor bemorlarga yordam ko‘rsatish maqsadida 30 turda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari yo‘lga qo‘yildi.
Davlat tibbiy sug’urtasi jamg’armasi
Matbuot xizmati