2025 yilda sogʼliqni saqlash tizimi yangilanishlarga boy boʼlishi kutilmoqda. SSV matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, sohani transformatsiya qilish jarayonida quyidagi yoʼnalishlarga alohida eʼtibor qaratilishi rejalashtirilgan.
Аvvalo, kasalliklar profilaktikasi va erta tashxis boʼyicha takomillashtirilgan dasturlar amalga oshiriladi, yangi turdagi ommaviy skrining tekshiruvlari yoʼlga qoʼyiladi.
Tuman (shahar) shifoxonalarida yangi 220 ta diagnostika va 488 ta davolash usuli tatbiq etiladi.
Qoraqalpogʼiston Respublikasi, Navoiy, Samarqand, Buxoro, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlari joriy qilinadi. 2026 yilda esa ushbu yangilik Surxondaryo, Fargʼona, Аndijon, Toshkent, Namangan hamda Jizzax viloyatlarida tatbiq qilinadi.
Ushbu hududlarda davlat tomonidan aholiga bepul koʼrsatiladigan tibbiy xizmatlar va dori vositalari kafolatlangan paketi joriy etiladi, eng koʼp uchraydigan kasalliklar boʼyicha dori vositalari elektron retsept asosida dorixonalar orqali bepul beriladi.
Tibbiyotda natijaga asoslangan moliyalashtirish usullari tatbiq etiladi. Kafolatlangan tibbiy xizmatlar byudjet hisobidan amalga oshiriladi, aholidan qoʼshimcha toʼlov undirilmaydi.
Shuningdek, barcha darajadagi tibbiy taʼlim tizimini toʼliq transformatsiya qilish, tibbiyot oliy oʼquv yurtlari klinikalari faoliyatini takomillashtirish orqali “ilm-fan–taʼlim–malaka oshirish–amaliyot” integratsiyasini taʼminlash, bilim va kasbiy malakani baholash tizimini xalqaro standartlar darajasida tashkil qilish boʼyicha islohotlar boshlanadi.
Oʼttiz ming nafar mutaxassis Toshkentdagi tibbiyot markazlarida, ming nafari xorijdagi nufuzli klinikalarda oʼz kasbiy mahoratini oshiradi.
Turkiyalik mutaxassislar tomonidan birlamchi boʼgʼin tibbiyot xodimlarining malaka oshirish dasturi takomillashtiriladi.
2025 yilda yana 7 ta ixtisoslashtirilgan markaz va 2 ta oliy taʼlim muassasasi xalqaro akkreditatsiyadan oʼtkazilishi koʼzda tutilgan. Shuningdek, 30 ta sanitariya qoidalari va meʼyorlari yangilanadi.
Shuningdek, yuqori texnologik jarrohlik yordami koʼrsatish sifatini yanada oshirish maqsadida ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari tomonidan tegishli tuman(shahar)lar namunaviy hamda ilgʼor hududlarga aylantiriladi.
2025 yilda sogʼliqni saqlash sohasiga 41 trillion soʼm ajratilishi koʼzda tutilgan. Buning hisobidan yangi shifoxonalar tashkil etish va jihozlash, mavjud quvvatlarni kengaytirish, tibbiy koʼrik qamrovini kengaytirish rejalashtirilgan.
DTSJ Matbuot va PR xizmati