Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Sogʼliqni saqlash tizimida qanday yangiliklar kutilmoqda?

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Sogʼliqni saqlash tizimida qanday yangiliklar kutilmoqda?
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Sogʼliqni saqlash tizimida qanday yangiliklar kutilmoqda?

 

Yangi — 2025 sogʼliqni saqlash tizimida yangilanishlarga boy boʼlishi kutilmoqda. Sohani transformatsiya qilish jarayonida quyidagi yoʼnalishlarga alohida eʼtibor qaratilishi rejalashtirilgan.

Аvvalo, kasalliklar profilaktikasi va erta tashxis boʼyicha takomillashtirilgan dasturlar amalga oshiriladi, yangi turdagi ommaviy skrining tekshiruvlari yoʼlga qoʼyiladi.

Tuman (shahar) shifoxonalarida yangi 220 ta diagnostika va 488 ta davolash usuli tatbiq qilinadi.

Qoraqalpogʼiston Respublikasi, Navoiy, Samarqand, Buxoro, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlari joriy qilinadi. 2026 yilda esa ushbu yangilik Surxondaryo, Fargʼona, Аndijon, Toshkent, Namangan hamda Jizzax viloyatlarida tatbiq qilinadi.

Ushbu hududlarda davlat tomonidan aholiga bepul koʼrsatiladigan tibbiy xizmatlar va dori vositalari kafolatlangan paketi joriy etiladi, eng koʼp uchraydigan kasalliklar boʼyicha dori vositalari elektron retsept asosida dorixonalar orqali bepul beriladi.

Tibbiyotda natijaga asoslangan moliyalashtirish usullari tatbiq etiladi. Kafolatlangan tibbiy xizmatlar byudjet hisobidan amalga oshiriladi, aholidan qoʼshimcha toʼlov undirilmaydi.

Shuningdek, barcha darajadagi tibbiy taʼlim tizimini toʼliq transformatsiya qilish, tibbiyot oliy oʼquv yurtlari klinikalari faoliyatini takomillashtirish orqali “ilm-fan–taʼlim–malaka oshirish–amaliyot” integratsiyasini taʼminlash, bilim va kasbiy malakani baholash tizimini xalqaro standartlar darajasida tashkil qilish boʼyicha islohotlar boshlanadi.

Oʼttiz ming nafar mutaxassis Toshkentdagi tibbiyot markazlarida, ming nafari xorijdagi nufuzli klinikalarda oʼz kasbiy mahoratini oshiradi.

Turkiyalik mutaxassislar tomonidan birlamchi boʼgʼin tibbiyot xodimlarining malaka oshirish dasturi takomillashtiriladi.

2025 yilda yana 7 ta ixtisoslashtirilgan markaz va 2 ta oliy taʼlim muassasasi xalqaro akkreditatsiyadan oʼtkazilishi koʼzda tutilgan. Shuningdek, 30 ta sanitariya qoidalari va meʼyorlari yangilanadi.

Shuningdek, yuqori texnologik jarrohlik yordami koʼrsatish sifatini yanada oshirish maqsadida ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari tomonidan tegishli tuman(shahar)lar namunaviy hamda ilgʼor hududlarga aylantiriladi.

2025 yilda sogʼliqni saqlash sohasiga 41 trillion soʼm ajratilishi koʼzda tutilgan. Buning hisobidan yangi shifoxonalar tashkil etish va jihozlash, mavjud quvvatlarni kengaytirish, tibbiy koʼrik qamrovini kengaytirish rejalashtirilgan.

Аlbatta, bular rejalarning bir qismi, xolos. Koʼzlangan maqsadlar esa katta. Sohada oʼz yechimini kutayotgan masalalar bor. Ularni samarali hal etish uchun bor imkoniyatlar ishga solinadi. Tibbiyotni yanada xalqchil tizimga aylantirish bundan keyin ham davlatimizning bosh maqsadi boʼlib qoladi.

DTSJ Matbuot va PR xizmati