Sogʼliqni saqlash vazirligining navbatdagi Hayʼat yigʼilishi boʼlib oʼtdi.
Unda vazirlik markaziy apparati xodimlari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʼmitasi, Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi, Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligi, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi hamda Strategik rejalashtirish va salomatlik instituti, ixtisoslashtirilgan markazlar, respublika davolash muassasalari va tibbiyot oliy oʼquv yurtlari rahbarlari ishtirok etdi.
Joylardagi studiyalardan barcha hududiy boshqarmalar hamda tuman tibbiyot birlashmalari masʼullari onlayn qatnashdi.
Yigʼilish Sogʼliqni saqlash vaziri Аsilbek Xudayarov maʼruzasi bilan boshlandi. Dastlab vazir oʼz chiqishida oʼtgan 2024 yilda bajarilgan ishlarni tanqidiy tahlil qilib, 2025 yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarga toʼxtalib oʼtdi.
— Davlatimiz rahbari biz, soha masʼullari oldiga katta vazifalarni qoʼygan, — dedi А.Xudayarov. — Buni amalga oshirishda tizimdagi har bir rahbarning vijdoni uygʼoq, tashabbuskor va shaxsiy masʼuliyati yuqori boʼlishi zarur.
Sohaga qaratilayotgan eʼtibor hamda bizga bildirilgan yuksak ishonchni oqlash maqsadida aholiga tibbiy yordam koʼrsatish sifatini yanada oshirish boʼyicha 2025 yil uchun qator reja va marralarni belgilab oldik. Endilikda tizimdagi har bir mansabdor pastga tushib, quyi boʼgʼindagi muassasalarda boʼlib, avvalo, hududlarning oʼzida mavjud vaziyatni chuqur oʼrganish, tahlil qilish va aniqlangan kamchiliklarni joyida hal qilish choralari koʼriladi.
Shuningdek, maʼruzada kasalliklar profilaktikasi va ularni erta aniqlash, tibbiyot muassasalaridagi mavjud axborot tizimlarini oʼzaro integratsiya qilish va sohadagi korruptsion holatlarning oldini olish kabi qator masalalar tanqidiy tahlil qilindi.
Shundan soʼng kun tartibidagi navbatdagi masalalar yuzasidan vazir oʼrinbosarlari — F.Tashpulatov, O.Omonov, F.Sharipov va E.Basitxanovalar soʼzga chiqdi.
Unda byudjet mablagʼlaridan maqsadli foydalanish, moddiy-texnik taʼminot, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, sohani raqamlashtirish, davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlarini joriy etish, onalik va bolalik muhofazasi boʼyicha bajarilgan ishlar hamda 2025 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan hisobotlar tinglandi.
Yigʼilish soʼngida pastga tushgan holda birlamchi boʼgʼin faoliyatini yanada rivojlantirish, patronaj xizmatini xalqqa yaqinlashtirish, xavfli kasalliklarning oldini olish, erta aniqlash va samarali davolash, aholi orasida sogʼlom turmush tarzini yoʼlga qoʼyish kabi masalalar yuzasidan masʼullarga aniq vazifalar yuklatildi.
Sogʼliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.