Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Tajriba-sinov natijalari keng miqyosda targʻib qilinmoqda

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Tajriba-sinov natijalari keng miqyosda targʻib qilinmoqda
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Tajriba-sinov natijalari keng miqyosda targʻib qilinmoqda

 

Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi tomonidan 2022-yil 14-15-aprel kunlari Jamgʻarmaning hududlardagi bosh mutaxassislari uchun Sirdaryo viloyati va Toshkent shahrida “Sirdaryo viloyatida Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etish tajriba-sinov loyihasini oʻrganish”ga doir oʻquv amaliy seminar boʻlib oʻtdi.


Unda jamgʻarmaning turli hududlardagi bosh mutaxassislari, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi vakillari, tuman/shahar tibbiyot birlashmalari shifokorlari ishtirok etdi.Ishtirokchilar tibbiyot muassasalarida kafolatlangan paketga kiritilgan xizmatlar koʻrsatish holati, oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinikalarda tibbiyot brigadalarini shakllantirish masalalarini keng muhokama qilishdi.Qayd etish kerakki, tajriba–sinov loyihasi davomida Sirdaryo viloyatining 236 ta mahallasini qamrab olish uchun 421 ta tibbiy brigada tashkil etildi. Har bir brigadaga oila shifokori, amaliyot hamshirasi, doya va ikkita patronaj hamshira biriktirilgan.

 

Tajriba-sinov davomida tibbiyot muassasalari aholi soniga qarab “jon boshiga” moliyalashtirish tizimiga oʻtdi. Ular kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmat va dori vositalari bilan bepul taʼminlanmoqda.Oʻquv amaliy seminarda Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasining ijro etuvchi direktori F. Sharipov natijalar va kelgusidagi rejalar xususida alohida toʻxtalib oʻtdilar. Boyovut TTB rahbari O.Bekmurotov, Guliston shahridagi 4-oilaviy poliklinikaning oila shifokori I. Xisamutdinova va boshqalar esa oʻzlarining ish tajribalari bilan oʻrtoqlashdi.

Seminar davomida ishtirokchilar Guliston shahridagi 4-oilaviy poliklinikada boʻlib, hamshira va shifokorlarning ish tajribasi bilan yaqindan tanishdi.

– Bu tizim boshida biroz qiyin koʻrindi, ammo ish jarayonida ancha qulay ekanini angladik, – deydi 4 OPning amaliyot hamshirasi N. Primqulova. – Endi qilayotgan har bir ishimiz aniq maqsadga qaratilgan. Patronaj hamshiralarimiz manzilli va maqsadli tibbiy xizmat koʻrsatmoqda.
Ishtirokchilar oilaviy shifokorga aholini biriktirish, “Mis.uz” dasturiga kiritilgan aholi roʻyxati, oila shifokori qabuliga oldindan navbatga yozilish, tor soha mutaxassislariga yoʻllanma berish tartibi, shifoxonaga yotqizish mezonlari borasidagi oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 20-maydagi “Sirdaryo viloyatida sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirishning yangi modeli – Guliston tibbiyot klasterini tashkil etish chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga qabul qilingan edi.
Unda koʻra, klaster Sirdaryo viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi, Sirdaryo viloyat endokrinologiya dispanseri, Sirdaryo viloyat koʻz kasalliklar shifoxonasi, Sirdaryo viloyat tibbiy diagnostika markazi, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyat filiali va Sirdaryo viloyat urush va mehnat faxriylari shifoxonalari negizida tashkil etildi.
Tibbiyot klasteri aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan statsionar, ambulatoriya konsultativ-diagnostika tibbiy xizmat koʻrsatadi. Shuningdek, Sogʻliqni saqlash vazirligi tasdiqlagan kafolatlangan paket doirasida bepul, aks holatda esa tibbiy xizmatlar pullik asosida koʻrsatiladi. Bajarilayotgan ishlar koʻlami bilan yaqindan tanishish istagidagi ishtirokchilar Guliston tibbiyot klasterida ham boʻlib, oʻzgarishlarni guvohi boʻlishdi.

Seminarning ikkinchi kuni Toshkent shahrida davom etdi.

Ikkinchi kunida davlat tibbiy sugʻurtasi tizimiga oʻtgan tibbiyot muassasalari, Respublika markazlari soni, ular moliyalashtirish tartibi, bu boradagi ayrim kamchiliklar va ularning bartaraf qilish masalalari keng muhokama qilindi. Ambulatoriya-poliklinika xizmati holatida aholi jon boshiga nisbatan, statsionarda esa global byudjet tarzda va har bir davolangan holat boʻyicha moliyalashtirish usullari tushuntirildi.


–Albatta, oʻzimiz uchun kerakli maʼlumotlarni oldik, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy bosh mutaxassisi Abdurashid Yakubov.–Joylarda boʻlib, davlat tibbiy sugʻurtasining ijobiy taraflarini koʻrdik. Bunda har bir tibbiy xizmat ortida shifokor mehnati va xalq manfaati turadi. Kafolatlangan tibbiy xizmat tufayli, aholining xarajatlariga chek qoʻyiladi. Bizda ham Respublika ixtisoslashgan markazlarining beshta filiali bilan 2 milliard soʻmdan ortiq mablagʻga shartnoma tuzildi. Seminarda kelgusida nimalarga eʼtibor berish kerakligi tahlil qilindi.
Oʻquv amaliy seminar bahs-munozaralarga boy boʻldi.

Davlat tibbiy sugʻurtasi matbuot xizmati