Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʼra, dunyo aholisining deyarli yarmi eng kerakli tibbiy xizmat bilan toʼliq qamrab olinmagan. 800 milliondan ortiq aholi yoxud dunyo aholisining 12 foizi daromadining kamida 10 foizini sogʼliqni saqlash uchun sarflaydi. Chunki har qanday kasallik qaysidir miqdorda mablagʼ va yuqori tibbiy imkoniyat talab qiladi. Tibbiy xizmat narxi oshganda aholining kamxarj qatlamida yuqori malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati boʼlmasligi mumkin. Tibbiy sugʼurtaning maqsadlaridan biri ana shu muammoni bartaraf etgan holda tibbiy xizmatdan foydalanishda barchaga teng imkoniyat yaratishdir.
Samara nimalarda koʼrinmoqda?
Sogʼliqni saqlash sohasidagi smetali moliyalashtirish tizimi eskirgani, xalqaro amaliyotga mos kelmaydigan mexanizmlarga asoslangani, aholining malakali va kamxarj tibbiy xizmatga boʼlgan ehtiyoji tibbiy sugʼurta tizimiga zaruratni yuzaga keltirdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasini tashkil etish, uning zimmasiga tibbiy sugʼurtani joriy qilish, boshqarish, kafolatlangan paket boʼyicha koʼrsatilgan tibbiy xizmatlarni moliyalashtirish, ajratilayotgan mablagʼ samaradorligini nazorat qilish, davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida joriy etilishidan koʼzlangan asosiy maqsad ham aholining moliyaviy qiyinchilikka duch kelmay, zarur tibbiy yordam olishini taʼminlash, el salomatligini mustahkamlashga qaratilgan.
Davlat tomonidan boshqariladigan va aholining barcha qatlamini qamrab oladigan mazkur tizim eng tejamkor va ratsional model hisoblanadi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 12 noyabrdagi “Sogʼliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarorida oʼtgan yilning 1 iyulidan shu yil oxirigacha Sirdaryo viloyatining barcha shahar va tumanida davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlarini joriy etish, tajriba-sinov natijalarini tahlil qilish, 2023 yildan boshlab uning ijobiy natijalarini yurtimizning boshqa hududida ham bosqichma-bosqich joriy qilish vazifasi belgilangan. Аyni paytda mazkur amaliyot Sirdaryoda ilk samarasini koʼrsatmoqda.
Tibbiy sugʼurta tizimi joriy etilishi avvalida viloyat aholisining elektron reestri shakllantirildi. Bemorning kasalligi, qaysi shifokor qabulida boʼlgani, tashxis va davolanish holati haqidagi maʼlumotlar elektron bazaga kiritildi. Bu esa xastaliklarni erta aniqlash va oldini olish, shifokorlarning faoliyatini baholashda qoʼl kelmoqda.
Shu asosda poliklinikaga murojaat qilgan yoki shifoxonaga borgan shaxsga individual maslahat berish, zarurat boʼlsa, nazoratga olish, konsultatsiya va davolash-reabilitatsiya jarayoniga jalb qilish amaliyoti olib borilyapti. Viloyatdagi har bir tibbiyot muassasasida tibbiy brigadalar shakllantirilib, 852 ming nafardan ortiq aholi xatlovdan oʼtkazildi. Ular salomatlik koʼrsatkichiga koʼra toʼrt guruhga ajratildi. Maqsad kasalliklarni erta aniqlash, tibbiy yordamning birlamchi boʼgʼinida malakali va sifatli xizmat koʼrsatish, aholining salomatlik darajasi, oʼrtacha umr koʼrish davomiyligini oshirishdan iborat.
— Moliyaviy resurslar cheklangani, ulardan foydalanish samaradorligini oshirish sogʼliqni saqlash sohasining muhim, hal qilinishi zarur boʼlgan muammolaridan biri edi, — deydi Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi ijro etuvchi direktori Farrux Sharipov. — Sugʼurtalash tizimining joriy etilishi aholiga koʼrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va koʼlamining oshishi, xavfli kasalliklarga chalinish ehtimolini kamaytirish bilan birga, tez tibbiy yordam tizimining transport, tibbiyot muassasalarining dori-darmon bilan taʼminlanishini sezilarli darajada yaxshilashga xizmat qilmoqda. Sirdaryo viloyatidagi tibbiyot muassasalari bilan Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi oʼrtasidagi shartnomaga koʼra aholi jon boshiga nisbatan global byudjet (anʼanaviy) tarzda va har bir davolangan holat uchun moliyalashtirish usulidan foydalanilmoqda.
Hozir Sirdaryo viloyatidagi 11 ta tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi, 18 ta sogʼliqni saqlash muassasasi bilan shartnomalar imzolangan. Ushbu shartnomalarga asosan birlamchi tizim muassasalari ularga biriktirilgan aholi soni va tarkibidan kelib chiqib, dispanser xizmati koʼrsatuvchi muassasalar global byudjet asosida va statsionar muassasalar bajarilgan ishlar natijasi (davolangan holatlar) boʼyicha moliyalashtirish tizimiga oʼtkazilgan.
Oʼtgan yilning iyul–dekabr oylarida davlat byudjetidan Sirdaryo viloyatidagi tibbiyot muassasalariga shartnoma asosida Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi 225,5 milliard soʼm yoʼnaltirdi.
Davlat tibbiy sugʼurtasi joriy etilishi tibbiy xizmat narxining arzonlashishiga, xizmat sifati oshishiga xizmat qilmoqda. Fuqarolar oilaviy shifokor yoʼllanmasi bilan tibbiyot muassasalarida sifatli tibbiy xizmat olish imkoniga ega boʼlmoqda.
Endi Sirdaryo viloyatidan Toshkent shahrida joylashgan tibbiyot muassasalariga keluvchilar soni kamaydi. Bu bilan bemorlarning vaqti tejalib, ortiqcha mablagʼ sarflanishining oldi olinmoqda. Eʼtiborlisi, eng murakkab jarrohlik amaliyoti viloyatning oʼzida, malakali mutaxassislar ishtirokida bajarilmoqda.