Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Tibbiy sugʻurta:  Kafolatli xizmat

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Tibbiy sugʻurta:  Kafolatli xizmat
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Tibbiy sugʻurta:  Kafolatli xizmat

Tibbiyotda oʻtkazilayotgan keng koʻlamli islohotlar oʻz samarasini koʻrsatmoqda. Sohaga kirib kelayotgan yangiliklar keskin oʻzgarishlarga qanot boʻlmoqda. Bugun ilgari mavjud boʻlmagan tibbiy sugʻurta xizmatining joriy etilishi fikrimiz asosidir. Xoʻsh, tibbiy sugʻurtaning afzalliklari nimalardan iborat deb soʻrashingiz tayin. Asosiysi aholiga oshkoralik, adolatlilik va shaffoflik tamoyillari asosida zamonaviy talablarga javob beradigan samarali xizmat koʻrsatish tizimi shakllanadi, imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni hisobga olish va navbat asosida davolanishga yoʻllashning elektron axborot tizimiga oʻtish, ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarida moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini tatbiq etish natijasida koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va koʻlami yanada oshadi, xavfli kasalliklarga chalinish ehtimoli kamayib, oʻrtacha umr koʻrish darajasi uzayish imkoniyati yaratiladi.

-Viloyatimizda tibbiy sugʻurtani keng joriy qilish maqsadida dastlabki qadamlar tashlandi, – deydi suhbatda Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi viloyat hududiy bosh mutaxassisi Oybek Norqulov. – Prezidentimizning “Sogʻliqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tomonidan viloyatdagi bir qator tibbiyot muassasalari bilan 2 milliard 400 million soʻmga shartnoma imzolandi. Jumladan viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi 840,0 million soʻm, viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi 720 million soʻm va viloyat oftalmologiya shifoxonasi esa 840,0 million soʻm.

Natijada viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida 103,2 million soʻmga 4 nafar, viloyat oftalmologiya shifoxonasida esa 45,0 million soʻmga 28 nafar imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bajarildi.

-Men konimexning uzoq ovulida yaʼni Uchtupa ovul fuqarolar yigʻinida istiqomat qilaman. «Koʻzdagi surunkali yalligʻlanish yoki distrofik jarayonlarda kelib chiqadigan katarakta» kasalligidan aziyat chekib yurardim, – deydi Bibigul Kunarova. – Bir narsadan juda xursand boʻldim. Koʻzimni davolatish uchun order olaman deb yugur-yugurlardan qutildim. Mablagʻ tashvishi ham boʻlmadi. Tibbiy sugʻurta xizmati eng qulay va kafolatlangan xizmat ekanligiga amin boʻldim. Davolandim, sogʻligim yaxshi, behad minnatdorman.

Bunday iliq soʻzlarni Qiziltepa tuman «Balandgʻardion» MFYda yashovchi Obid Qoʻziyev, Nurota tuman «Dehibaland» MFYda yashovchi Sulton Isronov va Karmana tumani “Varq” MFYda yashovchi Zubayda Rahimovadan ham eshitish mumkin. Ular yuqori texnologik amaliyotlar natijasida oʻz sogʻliklarini mustahkamladilar.

Har bir bemorni davolash bilan bogʻliq sarf-xarajatlar koʻrsatilgan tibbiy yordam sifatini baholagan holda Jamgʻarma tomonidan qoplab berildi. Endilikda imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslar yaratilgan qulayliklardan bahramand boʻlib, Toshkent yoki boshqa shaharlardagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalariga vaqt va mablagʻ sarflab borishlariga hojat qolmadi. Tibbiy xizmat xalqqa yaqinlashmoqda, roziligiga erishilmoqda. Bu sohadagi oʻzgarishlarning yaqqol natijasidir.

Davlat tibbiy sugʻurtasi matbuot xizmati