TIBBIY SUG‘URTA – DAVR TALABI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror soha rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Unga muvofiq, aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishda oshkoralik, adolatlilik va shaffoflik tamoyillari asosida zamonaviy talablarga javob beradigan samarali xizmat ko‘rsatish tizimini shakllantirish, yo‘llanma berish mexanizmlarini takomillashtirish va raqamlashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Hozirda bemorlarni hisobga olish imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni davolash uchun qo‘llanadigan “order” tizimiga barham berilib, bemorlarni xisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llashning elektron tizimi joriy etilmoqda. Unga ko‘ra bemor davolangach, u tibbiy xizmat olgan davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotiga Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ko‘rsatgan tibbiy xizmatlar uchun to‘lovni amalga oshiradi.
Sirdaryo viloyatidan boshlangan bu amaliyot kelgusi yillardan barcha viloyatlarda tadbiq qilinadi. Jumladan, Namangan viloyatda ham. Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi hozirda Namangan viloyatidagi 3 ta davolash-profilaktika muassasasi bilan shartnoma tuzgan. RIKIATM Namangan filiali, viloyat ko‘p tarmoqli va bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari shular jumlasidandir. Tuzilgan shartnomaga ko‘ra imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga bazaviy narxlar doirasida, Sog‘liqni saqlash vazirligining (miss) elektron axborot dasturi orqali, rasmiylashtirilgan yo‘llanmalarni qabul qilib, davolangan bemorlarning xarajatlarini Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi qoplab beradi.
Bunday imkoniyatlardan unumli foydalanish maqsadida viloyat davolash – profilaktika muassasalarida tibbiy sug‘urtaga o‘tish bo‘yicha ishlar reja asosida, bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Jumladan, birinchi navbatda tuman tibbiyot birlashmalaridagi markaziy shifoxonalar va viloyat muassasalarida inventarizatsiya ishlari olib borilmoqda. Tibbiy jihozlar, dori-darmonlar, mutaxassis-kadrlar, zamonaviy kompyuterlar bilan to‘liq ta’minlash maqsadida xatlovdan o‘tkazildi.
Xatlov natijasiga ko‘ra davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan shartnoma asosida viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga 98 mln. so‘m, bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga 77 mln. so‘m, RIKIATM Namangan filialiga (jamg‘arma bilan tuzilgan shartnoma qiymati 900 mln. so‘mni tashkil etadi) 105 mln. so‘m miqdorida mablag‘lar ajratildi.
Yil boshidan shu kungacha RIKIATM Namangan filialiga 34 nafar bemor qabul qilinib, ularning 24 nafari davo kurslarini o‘tab bo‘lgan bo‘lsalar, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga 43 mln. so‘mlik ko‘z kasalliklarini davolash uchun gavhar olib kelindi. Shuningdek, bu yerda ayni paytda 97,5 mln. so‘mlik chanoq-son bo‘g‘imi uchun endoprotezlar olib kelishga ehtiyoj mavjud.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 2021 yil 28 oktabrdagi “Imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga davlat budjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi nodavlat tibbiyot tashkilotlariga qo‘yiladigan talablarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 37-son buyrug‘i asosida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan viloyatdan tanlab olingan MCHJ shaklidagi “SAYDANA ” K/K, “DOCTOR A” va “DOCTOR FAMILY” MCHJlari bilan davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi o‘rtasida imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni davolash uchun ishchi guruhlari tashkil qilindi.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, davolash-profilaktika yordamini tashkillashtirish bo‘limi mutaxassisi, VSSB litsenziyalash, akkreditatsiyalash va tibbiy turizmni rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassislari, viloyat SEO va JS boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosarlaridan iborat ishchi guruh viloyatdagi shifokorlar salohiyatini, yuqori texnologik operatsiyalarni amalga oshirilishi, tibbiy apparatlar va jihozlarni o‘rgandi. Xulosalarga asoslanib, tavsiyalar berildi.
Muxtorjon JO‘RABOYEV,
Respublika Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining hududiy bosh mutaxassisi