Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida poytaxtimizdagi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yangi binosiga tashrif buyurdi.
Unda maʼlum qilinishicha, markazda Yevropa va AQSH standartlari asosida tashkil etilgan 17 ta yangi klinik boʻlim, 18 ta jarrohlik xonasi, 42 ta reanimatsiya va intensiv terapiya xonalari tashkil etilgan.
– Biz taʼlim va tibbiyotga alohida eʼtibor berayapmiz. Chunki odamlar bilimli boʻlib, sogʻlom boʻlsa, oʻz yoʻlini topadi. Bu markaz ham shunday ishlardan biri. Bu loyihaga 1,2 trillion soʻm ajratib, “noldan” qurdik. Barcha onkologiya shifoxonalarini jihozlashga 80 million dollar yoʻnaltirildi. Endigi asosiy vazifa – xodimlarni oʻqitib olish, samarali boshqaruvni yoʻlga qoʻyish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, tashrif davomida Dmed yagona tibbiyot tizimi shu yil yakunigacha Toshkentda toʻliq ishga tushirilishi maʼlum qilindi.