Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Farzandi dard bilan olishayotgan ota-onaning halovati boʼlmaydi. Bolasini sogʼayishi uchun nafaqat mol-dunyosini balki jonini ham berishga tayyor xalqimiz. Аmmo baʼzida, salomatligimizni tiklashda iqtisodiy imkoniyatlarimiz pand berishi ham bor gap. Imtiyozli yoʼllanma asosida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bepul bajarilishi koʼplarni quvontirmoqda.

Tibbiyot sohasiga yoʼnaltirilgan mablagʼlarni maqsadli sarflanishi borasida faoliyat yuritayotgan Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi tom maʼnoda tibbiyot sohasidagi islohotlarning qaldirgʼochi, desak xato boʼlmaydi. Jamgʼarma ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari bilan shartnoma asosida hamkorlik qilmoqda.

Bolalar milliy tibbiyot markazi Jamgʼarmaning yaqin hamkorlaridan bir. Joriy yilning oʼtgan davrida bu markazga Jamgʼarma tomonidan 51 mlrd soʼmdan ziyodroq mablagʼ yoʼnaltirildi.

–Markazimizda bir necha turdagi yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari oʼtkaziladi, – deydi markaz direktori Maqsud Saidov. – Аmmo bemor bolajonlarning aksar qismi tugʼma yurak nuqsoni bilan yotqiziladi. Jamgʼarma bilan shartnoma imzolangandan soʼng bemorlar oqimi ortdi, sohaga yetuk mutaxassislar jalb qilina boshlandi, tibbiy xizmat sifati va soni oshdi.

Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi Matbuot xizmati har bir tibbiyot markaziga tashrif buyurar ekan, bemorlarning holidan xabar oladi, fikri bilan qiziqadi.

Bir bemor bolajon diqqatimizni tortdi. Oyshabonu endigina 6 oylik boʼldi.

– Farzandim yurak nuqsoni bilan tugʼilgani sababli shifokorlar zudlik bilan jarrohlik amaliyotni oʼtkazish zarurligini taʼkidladi, – dedi Oyshaning onasi. – Operatsiya narxini surishtirsak, 50-60 mln soʼm atrofida ekan. Buncha mablagʼni qanday topamiz, uyni yoki mashinani sotishni maslahat qilib turgandik. Shunda bizga davlat tibbiy sugʼurtasi haqida aytishganda xursand boʼldik. Yoʼllanma asosida bepul davolansa boʼlarkan.

Oyshaning yuragida olti oy davomida ikkita yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli oʼtkazildi. Onaning aytishicha, hozirda qizaloqning ahvoli yaxshi, shunda ham u doimiy nazoratda boʼladi. Har 6 oyda koʼrikdan oʼtib turishi zarur.

Davlat aholi salomatligini kafolatlar ekan, tibbiy xizmatlar sifati va samarasi oshib boradi, aholini umr koʼrish davomiyligi uzayadi,

Davlat tibbiy sug’urtasi jamg’armasi Matbuot xizmati.