Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Yo‘llanmasiz davolangan bemorlarning xarajatlari to‘lab berilmaydi

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Yo‘llanmasiz davolangan bemorlarning xarajatlari to‘lab berilmaydi
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Yo‘llanmasiz davolangan bemorlarning xarajatlari to‘lab berilmaydi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 iyulda qabul qilingan “Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  qaroriga ko‘ra elektron QR-kodli yo‘llanma asosida davolangan imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga sarflangan xarajatlarni tibbiy xizmatlarni asoslovchi hujjatlarga muvofiq Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi qoplab beradi.

Ayni vaqtda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi 14 ta Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, 1 ta Respublika tibbiyot muassasasi, 41 ta hududiy tibbiyot muassasasi va 22 ta nodavlat tibbiyot tashkiloti bilan shartnoma imzolagan. Shuningdek, Sirdaryo viloyatida 175ta, Toshkent shahrida 160ta tibbiyot muassasasi bilan shartnoma asosida hamkorlik qilmoqda.

Sohada amalga oshirilayotgan bu kabi o‘zgarishlar natijasida  bemorlarning poytaxtga kelib, ovora bo‘lishlariga aslo hojat qolmadi. Eng noyob turdagi murakkab jarrohlik amaliyotlari viloyat markazlarida, qolaversa tumanlarda ham o‘tkazilish yo‘lga qo‘yilmoqda. Hamkorlikning ijobiy samaralari tuffayli bemorlarning uzog‘i yaqin, mushkuli oson bo‘lmoqda.

Shartnoma tuzgan tibbiyot tashkilotlari orasida Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi ham bo‘lib, 2023 yilning olti oyida davolangan 83 nafar bemorga sarflangan xarajatlarni qoplash uchun budjet mablag‘laridan 1,55 mlrd. so‘m to‘lab berildi. 505 mln. so‘mlik xarajatlarni qoplash  esa rad etilgan. Negaki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 iyuldagi PQ–5199-son qarori talablari buzilgan. Ya’ni imtiyozli toifada bemorlar elektron yo‘llanmasiz qabul qilingan.

Belgilangan  talablar va mavjud qonuniy hujjatlar bo‘lishiga qaramay Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi ushbu mablag‘ni undirish uchun joriy yilning 5 may kuni Toshkent shahar tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritdi. Unda 2022 yilda elektron QR-kodli yo‘llanmasiz davolangan bemorlarga sarflangan 505 mln. so‘mlik davolash xarajatlarini Jamg‘arma to‘lab berishi so‘ralgan edi.

Ushbu ariza asosida 2023 yil iyun oyida  bo‘lib o‘tgan sud majlisida da’vogar – Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining da’vo talablarini qanoatlantirish rad qilindi. Shuningdek, muhokamalar jarayonida Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi nafaqat 2022 yil fevral-mart oylarida, balki yil davomida imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llashning elektron axborot tizimini (“mis.ssv.uz”) shakllantirmagani ma’lum bo‘ldi. Bu esa Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga “mis.ssv.uz” axborot tizimi orqali elektron yo‘llanma shakllantirish bo‘yicha tibbiy tanlov komissiyalari faoliyati yetarlicha tashkil etilmaganligini hamda tegishli hujjatlarda keltirilgan talablar bajarilmayotganini ko‘rsatadi.

Ta’kidlash joizki, bunday holatlarni oldini olish maqsadida  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 iyuldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror  muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu hujjatda keltirilgan talablarga tibbiyot muassasalari to‘liq rioya qilishi esa tizimda shaffoflik, aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishda oshkoralik va adolatni ta’minlashda qo‘l keladi.

Aslida ham  adolat va qonun ustuvorligi — xalqchil davlat qurish, inson qadr-qimmatini ta’minlashning eng asosiy va zarur shartidir.

Davlat tibbiy sug‘urtasi
Matbuot xizmati