3 yoshli Muslima Yusufjonovada tug‘ma yurak nuqsoni mavjud. Qizaloqqa bo‘lmachalararo devor deffekti o‘pka arteriyasi senozi tashhisi qo‘yilgan. Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi kardiojarrohlari hamkorligida bemorda yuqori texnologik murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
Angiograf uskunasi orqali ko‘krak qafasini ochmasdan maxsus moslamalar yordamida qizaloqning tug‘ma nuqsoni bartaraf etildi. Aslida bu kabi amaliyotlar Farg‘onada 2016 yildan buyon kattalarda olib borilar edi. Bolalarda esa ilk bor amaliyotga qo‘l urildi.
— Avvalari yurakni to‘xtatib, klapanning siqilgan joyi to‘g‘irlab qo‘yalar edi. Hozir esa yuqori texnologiyalar tufayli mazkur amaliyotni bajardik. Taxminan 35-40 daqiqada operatsiya o‘tkazildi, bemorning hech qaeri kesilmadi, — deydi respub- lika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim boshlig‘i Mirjamol Zufarov. —Bemor endi tez kunda o‘nglanadi, 2-3 kunda uyiga javob beriladi. 1 haftadan keyin esa yugurib, o‘ynab yuraveradi.
Farg‘onada 700 nafarga yaqin bolalar yurak bilan bog‘liq jarrohlik amaliyotiga muhtoj. Ularni bosqichma-bosqich salomatliklarini tiklash uchun tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu yo‘nalishda respublika tibbiy-ilmiy markazlari bilan hamkorlik ishlari yaxshi samara bermoqda.
— Bugungi kunda bolalarda ham kichik tirqish, qon-tomir orqali organizmdagi ayrim nuqsonlarni maloinvaziv usulini yo‘lga qo‘yish orqali bartaraf etyapmiz, — deydi viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bo‘lim boshlig‘i Ozodbek Mo‘ydinov. — Poytaxtdan tashrif buyurgan mutaxassislar bilan birgalikda ham tajriba almashdik, ham o‘rgandik. Natijada o‘zimizda ham mazkur amaliyotlarni ilk bor amalga oshirdik.
Shu kuni to‘rt nafar tug‘ma yurak nuqsonli bolalarda poytaxtlik va farg‘onalik kardiojarrohlar yopiq holdagi yuqori texnologik operatsiyalarni o‘tkazishdi. Ilgari bu kabi murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun yurtdoshlarimiz Germaniya, Turkiya, Rossiya, Hindiston kabi mamlakatlarga borishga majbur bo‘lishgan.