Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Sirdaryo tajribasi: Bemorlar shifokor qabulida navbat kutib turmaydi

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Sirdaryo tajribasi: Bemorlar shifokor qabulida navbat kutib turmaydi
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Sirdaryo tajribasi: Bemorlar shifokor qabulida navbat kutib turmaydi

Bugun Oʼzbekistonda xalqaro tajriba asosida davlat tibbiy sugʼurtasi tizimini bosqichma-bosqich joriy etishga kirishilgan.

Birinchi bosqich sinov tariqasida Sirdaryo viloyatida amalga oshirilyapti. Ikkinchi bosqich 2023 yilda Qoraqalpogʼiston Respublikasi, Samarqand, Navoiy, Surxondaryo va Fargʼona viloyatlari hamda Toshkent shahrida, uchinchi bosqich esa 2025 yildan butun mamlakat boʼylab tatbiq etilishi koʼzda tutilgan.

Xoʼsh, oʼtgan bir yil davomida Sirdaryo tajribasi qanchalik oʼzini oqladi?

— Аvvalo, loyiha doirasida viloyatda yashovchi 852 mingdan ziyod aholining elektron reestri shakllantirildi, — deydi Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi ijro etuvchi direktori Farrux Sharipov.

— Bemorlar tashxisi, kasallik tarixi va muolaja holati haqidagi barcha maʼlumotlar elektron bazada jamlanmoqda. Bu esa xastaliklarni erta aniqlash va oldini olish, qolaversa, shifokorlar faoliyatini baholashda qoʼl kelyapti.

Bu bemor uchun ham, shifokor uchun ham ancha qulay. Chunki elektron bazadan maʼlumotlar tez topiladi. Oldingi tashrif va tekshiruvlar natijalari bilan vrach bir necha daqiqa ichida toʼliq tanishishi mumkin.

Vaholanki, tibbiy kartalarning qogʼoz shaklida bemorlar hamshiraning roʼyxatga olishi, kartalarni qidirib topishi va shifokor yozuvlarni koʼzdan kechirishini kutib, koʼp vaqt yoʼqotardi.

Davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlarini joriy etish jarayonida birlamchi tibbiyot muassasalarida shifokoroldi koʼrigi uchun belgilangan standartlarga mos xonalar tashkil etildi.

Natijada bir bemorni koʼrish, tashxis qoʼyish, muolajalarni oʼtkazish uchun oilaviy shifokor avvalgidek oʼrtacha 5-6 daqiqa oʼrniga, 15-20 daqiqa vaqt ajratish imkoniyatiga ega boʼldi.

Shifokoroldi koʼrik xonasida amaliyotchi hamshiralar bemorni mustaqil tekshirib, yuqumli boʼlmagan (yurak-qon tomir, qandli diabet, nafas olish organlari) kasalliklar xavfini baholashi uchun dastlabki skriningdan oʼtkazadi.

Shikoyatlarini qayd etadi va zarur hollarda oilaviy shifokor qabuliga yoʼnaltiradi. Dastlabki koʼrik natijasida oilaviy shifokor qabul qiladigan bemorlar soni ortib, ularni tor soha mutaxassislariga yoʼnaltirish oʼrtacha 16 foizga kamaydi.

Eng muhimi, tibbiyot muassasasiga kelgan bemorlar endi navbat kutib turmaydi. Ular oldindan, oʼziga qulay vaqtda elektron navbatga yoziladi.

Hozirgi kunda Sirdaryo viloyatida sinov tariqasida joriy etilayotgan davlat tibbiy sugʼurtasi tizimi dastlabki natijalarini bermoqda.

Hususan, loyiha doirasida hududda profilaktik koʼriklar oʼrniga, viloyatning oʼziga xosligidan kelib chiqib maqsadli skrining tekshiruvlari olib borilyapti.

Mutaxassislarning izoh berishicha, profilaktika ishlari yaxshi yoʼlga qoʼyilsa, kasalliklar keskin kamayadi va unga sarflanadigan mablagʼ ham tejaladi. Qolaversa, kasalliklarni erta aniqlash orqali aholining salomatlik darajasi, oʼrtacha umr koʼrish davomiyligini oshirishga erishiladi.

Xoʼsh, mazkur jarayonni yaqindan kuzatib borayotgan xorijiy ekspert, Jahon sogʼliqni saqlash tashkilotining Oʼzbekiston boʼyicha maslahatchisi Kristofer Fitspatrik Sirdaryo tajribasini qanday baholaydi?

— Oʼzbekiston aholi salomatligini saqlashning sifatli modelini joriy etmoqda, — deydi JSST vakili. — Bu rivojlangan davlatlarda sinovdan muvaffaqiyatli oʼtgan ilgʼor tajribadir.

Biz jarayonlarni bevosita kuzatib boryapmiz va ekspert sifatida aytishim mumkinki, kasallikka chalingan insonning uyiga bepul dori-darmon yetkazib berish unga imkon qadar tezroq yordam koʼrsatilishiga xizmat qiladi.

Har bir sogʼliqni saqlash tizimining oʼziga xos jihatlari bor. Kasalliklarni davolashdan koʼra oldini olgan yaxshi, shu bilan birga, kasalliklarni erta aniqlash ham davolashda katta samara beradi.

Oʼzbekistonda ilk bor davlat tibbiy sugʼurtasi tizimini tajriba-sinov tariqasida hayotga tatbiq etish, bemorlarga qulaylik yaratish maqsadida shifoxonalarni birlashtirish, ularning negizida tibbiyot klasterini tashkil etish, u yerda ilm-fan va amaliyotni uygʼunlashtirish ishlari bajarilmoqda.

Sohada murakkab va yuqori texnologik amaliyotlar yoʼlga qoʼyilyapti. Bu borada ham xalqaro tajribadan kelib chiqib tavsiya va maslahatlar berish, ushbu murakkab jarayonlarning amaliyotga tezroq tatbiq etilishiga koʼmaklashishga doim tayyormiz.

Davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlari doirasida surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarga koʼproq eʼtibor berila boshlagani ham ibratli jihat. Vaholanki, ilgari ular roʼyxatga olinib, davolanish buyurilgan va kuzatuvga olingan.

Аfsuski, hamma ham dori-darmonni oʼz vaqtida xarid qilib, muolajalarni belgilangan muddatlarda boshlay olmaydi. Oqibatda bemorlarda asoratlar paydo boʼladi. Davlat tibbiy sugʼurtasi tizimi asosida bemorlarga dorilarning bir qismi bepul berilmoqda. Dorixona esa poliklinikaning oʼzida joylashgan…