Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Savollarga javoblar

Tibbiy sug‘urta sayti > Savollarga javoblar

Sugʼurta soʼzi koʼpchilikda majburiy, foydasiz narsa, nega kerak, degan salbiy reaksiya beradi. Negaki, koʼp hollarda sugʼurta majburiy boʼlib, odamlar sugʼurta kompaniyalariga tegishli miqdorda mablagʼ toʼlab, sugʼurta polislari sotib oladi. Unda koʼrsatiladigan xizmatlar aks etgan boʼladi. Hamma narsani sugʼurta qilish mumkin. Oddiy qilib aytsak, sugʼurta maʼlum bir mablagʼ evaziga seni saqlaymiz, kafolatlangan xizmat koʼrsatamiz, degan maʼnoda tushuniladi.

Endilikda davlat hisobidan har bir fuqaroning salomatligi sugʼurta qilinmoqda. Biroq bunda aholi pul toʼlamaydi. Davlat har bir bosqichda avvalgi kabi tibbiy xizmatni bepul kafolatlaydi. Shundan sugʼurta maʼnosi kelib chiqmoqda. Bizning vazifamiz esa davlatning puli evaziga aholining sogʼligʼini saqlash. Davlat aholiga koʼrsatiladigan tibbiy xizmatni kafolatlayapti. Аslida ham biz davlat tibbiyoti bepul deganimiz bilan u tekin boʼlmagan. Buning uchun davlat byudjet mablagʼlaridan toʼlab kelingan.

Аslida, hech narsa oʼzgarmaganday, faqat murojaat tartibi oʼzgardi. Аvvallari bemor tor doira shifokoriga murojaat qilib ketavergan boʼlsa, endi bunday boʼlmaydi. Аvvalo, har bir inson oʼz hududidagi oilaviy shifoxonaga biriktirilgan boʼlishi kerak. Fuqaro oilaviy shifoxona eshigidan kirishi bilan uni roʼyxatga olish, shifokorga kirishi, tahlillardan oʼtishi barchasi nazoratga olinadi. Kafolatlangan xizmatlar tekin. Biroq, uning tekinligini taʼminlashning shartlari, standartlari, hajmi bor.

Kuzatadigan boʼlsak, aholi oilaviy shifoxonaga bir necha sabablarga koʼra kelishi mumkin – profilaktika uchun, nimadir bezovta qilsa yoki hamshira chaqirganda, emlashga. Аgar fuqaro eshikdan kirib boshim ogʼridi, desa doktor uning qon bosimini oʼlchaydi, qonini tahlil qilish, qand miqdorini aniqlash uchun laboratoriyaga yuboradi. Shunda ham oilaviy shifokor tashxis qoʼyishga ikkilansa, bemorni tor soha doktorlari, misol uchun, kardiologga yoʼllanma yozib, koʼp tarmoqli shifoxonaga yuboradi. Shu tariqa tashxis qoʼyiladi va kerakli dorilar yozib beriladi. Jarrohlik amaliyoti kerak boʼlsa, xizmatlar doirasi kengayib boraveradi. Shu tariqa har bir muassasada tibbiy xizmatlar roʼyxati shakllantiriladi.

Bunda oilaviy shifokor har bir muassasa turi boʼyicha tibbiy xizmatlar hajmi va klinik protokollarga muvofiq, tor soha shifokorlariga va zarur hollarda tuman, viloyat hamda respublika darajasidagi shifoxonalarga yoʼllanmalar beradi. Respublika darajasidagi shifoxonalarga yoʼllanmalar viloyat sogʼliqni saqlash boshqarmasi tomonidan tasdiqlanadi. Ushbu tartibga rioya etilmagan hollarda, shuningdek, kafolatlangan paketga kiritilmagan tibbiy xizmatlar pullik asosda koʼrsatiladi.

Mamlakatimizda inson salomatligi va uning turmush farovonligiga boʼlgan eʼtibor kundan-kunga oʼz samarasini berib kelmoqda. Аyniqsa, shifo maskanlarida aholiga koʼrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati oshib, fuqarolar, qolaversa, davolanuvchilar uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Аyniqsa, fuqarolarni davlat tomonidan tibbiy sugʼurtalash masalasi Prezidentimizning 2020-yil 12-noyabrda qabul qilingan “Sogʼliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarorida oʼz aksini topdi.

Unga koʼra, Davlat tibbiy sugʼurta jamgʼarmasi tashkil etildi. Bizning asosiy vazifamiz davlat tibbiy sugʼurtasi tizimini joriy etish, boshqarish hamda ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni taʼminlash. Аholining barcha qatlamlarini davlat tomonidan kafolatlangan paket doirasida sifatli va zarur tibbiy yordam bilan taʼminlash maqsadida tibbiy xizmatlar strategik xaridi tizimini joriy etishda ishtirok etamiz.

Shuningdek, Sirdaryo viloyat sogʼliqni saqlash tizimida 2021-yilning 1-iyulidan 2022-yilning oxiriga qadar tajriba-sinov tariqasida sogʼliqni saqlash tizimini yangi modeli va moliyaviy mexanizmlari sinovdan oʼtkazilmoqda.

Hozirda Sirdaryo viloyatidagi tuman tibbiyot birlashmalari (shahar tibbiyot birlashmasi), Sirdaryo viloyat sogʼliqni saqlash muassasalari bilan shartnomalar imzolandi. Ushbu shartnomalarga asosan birlamchi tizim muassasalari ularga biriktirilgan aholi soni va tarkibidan kelib chiqib, dispanser xizmatlarini koʼrsatuvchi muassasalar global byudjet asosida va statsionar muassasalar bajarilgan ishlar natijasi (davolangan holatlar) boʼyicha moliyalashtirish tizimiga oʼtkazildi.

2022-yil 1-yanvardan boshlab davlat buyurtmasi asosida davolangan bemorlarga koʼrsatilgan tibbiy xizmatlar sifatini baholash hamda uning tasdiqlangan standartlarga muvofiqligini, ushbu maqsadlar uchun ajratilgan byudjet mablagʼlarini boshqarish, ularni samaradorligini doimiy monitoring va nazorat qilish Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Bunda, Jamgʼarma shartnoma asosida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tomonidan davolangan holatlar uchun haq toʼlaydi, bemorlarga koʼrsatilgan tibbiy xizmatlar sifatini tasdiqlangan standart va protokollarga muvofiqligini nazorat qiladi hamda klinik xarajatlar guruhlarini ishlab chiqish va “har bir davolangan holat uchun” toʼlov uslubini joriy etish uchun barcha davolangan holatlar hisobini yuritadi.

Аvvalo, kasalliklarni erta aniqlash, aholiga koʼrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va koʼlamini yanada oshirishga erishiladi. Paketlarga kelsak, Yangi tizimda har bir tibbiyot muassasasi darajasida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketi ishlab chiqiladi. Paketlar birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari va shifoxonalarda Oʼzbekiston fuqarolari, yurtimizda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʼlmagan shaxslarga taqdim etiladi. Bu nima beradi? Bunda eng katta oʼzgarish fuqaro paket doirasida tekshiruvlardan oʼtadi, shifokor tavsiyasi, yoʼllanma va barcha amaliyot elektron ravishda amalga oshiriladi.

Endi bemor tekshiruvlar va tahlillar natijasini bilish uchun shifoxonaga kelishi shart emas, natijalarga qarab, oilaviy shifokor sizga statsionar davolanish uchun qachon, nechida, qayerga borish koʼrsatilgan yoʼllanmani mobil raqamingizga sms qilib yuboradi. Zero, oilaviy shifokorlar aholining sogʼligʼi bilan bogʼliq koʼrsatkichlarni monitoring qilish, kasallik tarixini yuritish, dori vositalari uchun retsept yozish va kafolatlangan paketga muvofiq tibbiyot muassasalariga yoʼnaltirishni yagona elektron platforma orqali bajaradi. Bu esa bemor va soha xodimlari oʼrtasida yuz berishi mumkin boʼlgan koʼplab tushunmovchiliklarni oldini oladi. Bunda har bir fuqaroning raqami boʼladi. Shu maqsadda muassasalarda koʼchalar, mahallalar, uylar kodlashtirilmoqda. Shunda fuqarolar hududning qayeriga borsa ham paket doirasida tibbiy xizmat oladi. Bu paketlarning muddati boʼlmaydi va hammaga teng boʼladi.

Bunda eng birinchi boʼlib, aholi soni va ularning kasalliklarining xavf guruhlari aniqlanadi – 1.Sogʼlom; 2.Sogʼlom, ammo ayrim parametrlarda kasal; 3.Surunkali; 4.Nogironlar yoki yotib qolganlar. Bu guruhlarning bazasi shakllantirilgandan keyin kasalliklarni erta aniqlash yaʼni 2 xavf guruhidagilarni 1 guruhga oʼtkazish choralari koʼriladi. 3-4 guruhlarni ham sogʼlomlashtirish, ularga oʼz vaqtida muntazam yordam koʼrsatish borasidagi chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Аslida ham oilaviy shifoxonada profilaktika tadbirlari oʼz vaqtida olib borilsa, odamlar ambulatoriya sharoitda davolanib statsionarga ehtiyoj qolmaydi. Biz endi statsionarga kasalni kam yuboramiz u esa oʼz-oʼzidan optimallashadi. Hozirda fuqarolar qanday holatda, qaysi kasalliklar boʼyicha murojaat qiladi, qaysi dorilar koʼproq kerak boʼlishi borasidagi talablar oʼrganilmoqda.

Kelgusida kafolatlangan paket asosida tibbiy xizmatlar koʼrsatishga nodavlat tibbiyot tashkilotlari ham jalb qilinishi mumkin. Bunda ajratilgan byudjet mablagʼlarining samaradorligi va natijadorligi Jamgʼarma tomonidan doimiy monitoring qilib borilishi koʼrsatilgan.

Shu tariqa kafolatlangan paket asosida aholining barcha qatlamlariga sifatli va toʼliq tibbiy yordam koʼrsatilishini moliyalashtirishga qaratilgan davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlari uch bosqichda amalga oshiriladi. Eng avvalo, Sirdaryo viloyat sogʼliqni saqlash boshqarmasi tizimidagi barcha tibbiyot muassasalarida, 2023-yilga borib, Qoraqalpogʼiston Respublikasi, Toshkent, Samarqand, Navoiy, Surxondaryo hamda Fargʼona viloyatlarida mazkur tajriba qoʼllanilib, 2025-yilda esa yurtimizning barcha hududlari qamrab olinadi.

Kafolatlangan paket doirasida bepul tibbiy yordam olish huquqi, xususan:

  • birlamchi tibbiy yordam shifokorlarini qabuli (OShP, OP, KTMP, markaziy shifoxona);
  • ixtisoslashgan mutaxassislar bilan maslahatlashish (agar oilaviy shifokorning tavsiyalari boʼlsa);
  • testlar va diagnostika tadqiqotlari (agar oilaviy shifokorning yoʼllanmasi boʼlsa);
  • tibbiy koʼrikdan oʼtish (Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan standartlar va klinik protokollar boʼyicha);
  • skrining tekshiruvlari (Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirligi buyrugʼiga asosan);
  • emlash (milliy emlash taqvimiga muvofiq);
  • yuqumli boʼlmagan kasalliklarning oldini olish (Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan bayonnoma boʼyicha);
  • tez yordam chaqirish;
  • biriktirilgan oilaviy poliklinikadan uyga oilaviy shifokorni chaqirish;
  • agar koʼrsatmalar mavjud boʼlsa, kasalxonaga yotqizish;
  • kasallik va uning asoratlarini davolash;
  • qon va uning tarkibiy qismlari bilan taʼminlash;
  • tibbiy muassasalarda tibbiy reabilitatsiya va palliativ yordam.

Davlat tibbiy sugʼurtasida yangi tugʼilgan chaqaloqlar emlanadi. Ularga ambulatoriya va statsionar, tez tibbiy yordamlar koʼrsatiladi. Patronaj kuzatuv ham ana shu imtiyozlar qatoriga kiritilgan.

Bolalarga moʼljallangan maxsus ozuqalar orfan kasalligi bilan ogʼrigan bemor bolalarga beriladi.

Birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalari  (BTSYM) lariga optik tolali simlarni o‘tkazish, lokal tarmoqqa ulash hamda registrator, oilaviy shifokor, amaliyotchi hamshira, laboratoriyani birinchi navbatda kompyuter jamlamasi bilan ta’minlash;

O‘zbekiston Respublikasining 1996 – yil 29 – avgustdagi “Fuqarolar sog‘lig‘ini muhofaza qilish to‘g‘risida” gi Qonuniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordam olish uchun shifokor va davolash-profilaktika muassasasini tanlash (24 – modda – Mijozning huquqlari) huquqi va har bir oila oilaviy shifokorni tanlash (18 – modda – Oila sog‘lig‘ini muhofaza qilish) huquqini inobatga olib, aholini BTSYMlariga biriktirish hamda MIS dasturiga kiritish;

Hududlarda yashovchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini BTSYMlariga biriktirish, ularda doimiy va vaqtincha yashash, ishlash, o‘qish joyida bitta ma’muriy – hududiy birlik doirasida tibbiyot muassasasiga biriktirish huquqi mavjudligi hisobga olingan holda amalga oshiriladi va bir -biriga yaqin joylashgan ma’muriy chegara hududlar oralig‘ida yashovchi fuqarolar bundan mustasno hisoblanib, ular tibbiyot muassasasini erkin tanlash huquqi bilan boshqa ma’muriy-hududiy birlikda joylashgan yaqin atrofdagi BTSYMga biriktiriladilar;

Hozirgi kunda tuman markazi va ayrim shaharlarda oilaviy shifokorlar tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi tarkibiga kiradi. Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishda yangi shartnomaviy munosabatlar doirasida tibbiy yordamni samarali tashkil etish va xizmatlar hajmini ajratish uchun oilaviy shifokorlarni KTMP tarkibidan alohida ajratish tavsiya etiladi. Tuman shahar oilaviy poliklinikasi KTMP bilan bitta binoda joylashgan bo‘lishi mumkin, ammo alohida kirish va alohida ma’muriy bo‘limga ega bo‘lishi lozim.

Patronaj tashriflarini to‘g‘ri rejalashtirish, patronaj tashriflarining to‘liqligini ta’minlaydi. Patronaj tashriflari 2 ta turda tuziladi:

Universal patronaj rejasi (yillik, oylik reja tuziladi, haftalik monitoring o‘tkaziladi).

Progressiv patronaj rejasi (kunlik reja tuziladi, haftalik monitoring o‘tkaziladi).

Biriktirilgan aholiga rejaga muovofiq kasalliklarning oldini olish  va sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish.

Homilador ayollar patronaji rejasini ishlab chiqish va patronajini amalga oshirish.

Tuqqan ayollar maqsadli patronaji rejasini ishlab chiqish va patronajini amalga oshirish.

1 yoshgacha, 5 yoshgacha bolalar patronaji rejasini ishlab chiqish va patronajini amalga oshirish.

Oilaning “eko karta” sini chizish va tibbiy, ijtimoiy, psixologik muammolarni aniqlash, aniqlangan muammolarni “tibbiy brigada”ga taqdim etish va mahalla profilaktika inspektori bilan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma chorlarni ishlab chiqish, ijrosini ta’minlash.

Poliklinikada tashkil etilgan “onalar maktabi”ga yosh onalarni jalb qilish, yosh onalarga 1 yoshgacha bolalarni cho‘miltirish, parvarishlash, 6 oylikkacha faqat ko‘krak suti bilan boqish, 6 oylikdan qo‘shimcha ovqatlantirish, 5 yoshgacha bolalarda ich ketar, shamollash kasalliklarining xavf omillarini aniqlash (o‘zi ko‘rsatib beradi).

Har oyda bolalarni profilaktik emlashga chaqirish.

Emlashdan so‘ng reaksiyalar va asoratlarni aniqlash maqsadida patronajni amalga oshirish.

Dispanser hisobida turadigan va tibbiy cheklovi bo‘lgan bolalarni vrach ko‘rigiga chaqirish.

5 yoshgacha bolalarning o‘sish va rivojlanishini muntazam monitoring qilib borish.

1. Oila shifokori boshchiligida, tibbiyot brigadasining boshqa a’zolari bilan birgalikda tibbiyot brigadasining ustuvor vazifalar bo‘yicha yillik rejasini tuzish va undan kelib chiqib, har bir xodimning oylik, haftalik va kunlik vazifalarini belgilash.

2. Rejalashtirilgan vazifalardan kelib chiqib, quyidagilarni amalga oshirish:

5 yoshgacha bo‘lgan bolalar va ehtiyojmand kontingent (yolg‘iz qariyalar, yotib qolgan bemor va nogironlar) universal – progressiv usulda patronaj tashriflarini o‘tkazish.

18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar, 18-40 yoshdagi aholini profilaktik ko‘riklar, surunkali kasalligi bo‘lgan bemorlarni dispanser ko‘riklariga taklif etish.

Kasalliklarni erta aniqlash maqsadida xavf guruhiga mansub aholini skrining dasturlari bilan qamrab olishda ishtirok etish (xonadonda so‘rovnomalardan o‘tkazish, antropometrik o‘lchovlar va fizikal tekshiruvlarni amalga oshirish).

Surunkali kasalligi bor bemorlarning oila shifokori bilan birga dinamik kuzatuvlarini amalga oshirish, individual reja asosida sog‘lomlashtirish – reabilitatsiya tadbirlari o‘tkazilishida ishtirok etish.

Kasalliklar profilaktikasi maqsadida profilaktik emlashlarga taklif etish va emlashdan keyingi nazoratni amalga oshirish.

Aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, shaxsiy va xonadon gigiyenasiga rioya qilish, to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillariga rioya qilish, kun tartibini oqilona rejalashtirish va tashkillashtirish, zararli odatlarga qarshi kurashish masalalarida aholi orasida (mahallada, xonadonlarda) targ‘ibotni zamonaviy usullarda o‘tkazish.

Hamkor tashkilotlar bilan birgalikda aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy faollikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ommaviy targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish va qatnashish, “Salomlik maktabi” faoliyatini amalga oshirish.

Ko‘krak suti bilan boqish, ayollar va bolalarni ratsional ovqatlantirish, ota-onalar va bolalar o‘rtasida bog‘liqlikni rivojlantirish, oilada bola uchun xavfsiz muhit yaratish, jarohatlar va baxtsiz hodisalarning oldini olish, bolalarda motorika va nutqni rivojlantirishda kechikish va boshqalar bo‘yicha tavsiyalar berish.

  1. “Tibbiyot brigada”si faoliyatini tashkillashtirish va boshqarish.
  2. Bemorlarni muassasada qabul qilish, tasdiqlangan standart, klinik protokollarga asosan diagnostika va davolash jarayonini amalga oshirish.
  3. Muassasada mavjud imkoniyat va sharoitlardan kelib chiqib, milliy va xalqaro standartlar asosida tasdiqlangan dasturlarga muvofiq kafolatlangan tibbiy yordam hajmiga mos ravishda bolalar va kattalarda o‘tkir va surunkali keng tarqalgan holatlarni, kam uchraydigan kasalliklarni oldini olish, tashxislash va davolash.
  4. Hayotga xavf solgan holatlarda shifoxonagacha birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish;
  5. Istalmagan homiladorlikni oldini olish, homilador ayolning antenatal nazorati, tug‘gan ayolning tug‘ruqdan keyingi ko‘riklarini amalga oshirish.
  6. “Onalar maktabi” faoliyatini olib borish, bunda yosh onalarni bolalarni ko‘krak suti bilan boqish va oziqlantirish, to‘g‘ri parvarish qilish, o‘sish va rivojlanishini nazorat qilish, chiniqtirish va kasallanishini oldini olishga o‘rgatish.
  7. Ayollar va bolalarni ratsional ovqatlantirish, ota – onalar va bolalar o‘rtasida bog‘liqlikni rivojlantirish, oilada bola uchun xavfsiz muhit yaratish, jarohatlar va baxtsiz hodisalarning oldini olish, bolalarda motorika va nutqni rivojlantirishda kechikish va boshqalar bo‘yicha bolaning ota onasi va parvarishlovchisiga tavsiyalar berish.
  8. Ehtiyojmand aholi (bolalar, homilador, chilla davridagi ayol va uning chaqalog‘i, yolg‘iz, uyda yotib qolgan keksa va nogironlar) xonadonida maqsadli tibbiy yordamni ko‘rsatish, yuqumli kasalliklar o‘choqlarida observatsiya tadbirlarini o‘tkazish.
  9. Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi maqsadida aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholining shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, kun tartibini to‘g‘ri tashkillashtirish, to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollikni ta’minlash, kasalliklar profilaktikasi sohasida bilim va ko‘nikmalarini hosil qilish.
  10. Hamkor tashkilotlar bilan birgalikda aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy faollikni qo‘llab- quvvatlash bo‘yicha ommaviy targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish va qatnashish, “Salomlik maktabi” faoliyatini amalga oshirish.
  11. O‘rnatilgan tartibda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik ekspertizasini o‘tkazish va mehnatga layoqatsizlik turg‘un holatlarida nogironlikni belgilash uchun tibbiy ijtimoiy ekspertiza komissiyasiga o‘z vaqtida yo‘llash.
  12. Biriktirilgan aholi yashaydigan hududda sanitariya va epidemiyaga qarshi keng qamrovli tadbirlarni tashkil etish, aniqlangan yuqumli kasalliklar, zaharlanish, jarohatlanish va favqulodda holatlar to‘g‘risida o‘z vaqtida xabarnoma berish.
  13. “Tibbiyot brigada”si faoliyatini tahlil etish, aholi salomatlik holatini baholash, biriktirilgan mahallaning “Salomatlik profili”ni tuzish va uni ijobiy o‘zgarishishiga erishishda jamoat tashkilotlari va hamkorlarni jalb etish.
  14. “Tibbiyot brigada”si a’zolari faoliyatini baholash va ular faoliyati samaradorligini yaxshilash, faoliyatida ijobiy natijalarga erishgan tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish bo‘yicha rahbariyatga takliflar kiritish.
  15. “Tibbiyot brigada”si faoliyatini aks ettiruvchi tibbiy hisob va hisobot hujjatlarini o‘z vaqtida to‘liq va to‘g‘ri rasmiylashtirishi va haqqoniyligini ta’minlash.
  16. Aholiga birlamchi tibbiy – sanitariya yordami ko‘rsatishda mijoz huquqining poymol bo‘lmasligini ta’minlash, bemor sirini saqlanishiga erishish, hamkasblariga samimiy munosabatda bo‘lish.