Har qanday kasallikni davolash qaysidir miqdorda mablagʼ talab etadi. Tibbiy xizmat narxi oshganda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismida yuqori malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati boʼlmasligi mumkin. Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasining maqsadi esa ana shu muammoni bartaraf etgan holda, tibbiy xizmatdan foydalanishda barchani teng qamrab olishdir.
Prezidentimiz tashabbusi bilan davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida joriy etishdan koʼzlangan asosiy maqsad ham aholining moliyaviy qiyinchilikka duch kelmay, zarur tibbiy yordam olishini taʼminlash, el salomatligini mustahkamlashga qaratilgan.
Sogʼliqni saqlash tizimining birlamchi boʼgʼini muassasalarida xalqaro tajribalar asosida qator dasturlar amalga oshirilmoqda. Xususan, aholiga kafolatlangan paket doirasida bepul tibbiy yordam koʼrsatish va dori vositalari bilan taьminlash choralari koʼrilmoqda. Shuningdek, surunkali kasalliklarni ambulator sharoitda davolashda zarur boʼladigan ayrim dori vositalari bilan bemorlarni dorixona orqali bepul taʼminlash dasturi ishlab chiqildi.
Ushbu dastur Reimbursatsiya deb nomlanadi. Reimbursatsiya – inglizcha soʼz boʼlib, “xarajatlarni qoplash” maʼnosini anglatadi – bu aholini dori vositalari bilan taʼminlash hisoblanib, alohida surunkali kasalliklarni davolash uchun shifokor tomonidan buyurilgan dori vositalari xarajatlarini maqsadli kompensatsiya qilishni nazarda tutadi.
Davolash standartlariga koʼra dori vositalarini qabul qilish har qanday kasallikni davolashning ajralmas qismidir, biroq surunkali kasalliklarni ambulator sharoitda uzluksiz davolash tizimi mukammal emas. Shu bois aholini zarur dori vositalardan foydalanish imkoniyatini oshirish maqsadida reimbursatsiyani amaliyotga joriy etishga zaruriyat yuzaga keldi.
Reimbursatsiya dasturi bemorga oilaviy shifokor yozgan elektron retsept asosida dorixonalar orqali dori vositalarini bepul olish imkonini beradi. Reimbursatsiyaga Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida arterial gipertoniya, yurak ishemik kasalligi, qandli diabetning 2-turi, bronxial astma va oʼpkaning surunkali obstruktiv kasalliklarini ambulator sharoitda davolash uchun 11 turdagi dori vositasi kiritilgan.
Bu dori vositalarini qanday tartibda olish koʼpchilikka qiziq!Buning uchun surunkali kasallik bilan dispanser nazoratida turgan bemorlar oʼzlarining oilaviy shifokorlariga murojaat qiladi. Shifokor bemorni zarur tekshiruvdan oʼtkazadi agar kerak boʼlsa, uni laboratoriya-diagnostika tekshiruvlariga yuboradi. 10-Xalqaro kasalliklar tasnifiga koʼra, aniq tashhis qoʼyilgach, elektron ambulator kartaga maʼlumotlar kiritiladi va elektron retseptni shakllantiradi. Oʼsha zahoti bemorning mobil telefoniga SMS keladi. Zaruriyat tugʼilganda (bemorning talabiga koʼra) shifokor elektron retseptni bemorga qogʼoz shaklida taqdim etishi mumkin.
Shifokordan elektron retseptni olgan bemor DTSJsi bilan shartnoma tuzgan dorixonaga dori vositasini olish uchun murojaat qiladi.
Reimbursatsiyada ishtirok etayotgan dorixona bemorga dori vositasini elektron retsept asosida bepul beradi. Bunda berilgan dori vositalari boʼyicha dorixonalarning sarf-xarajatlarini Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi qoplab beradi. Shartnoma shartlariga koʼra dorixonalar roʼyxatga kiritilgan dori vositalarining uzluksiz taʼminotini hamda joriy yil yakuniga qadar ushbu dori vositalari narxini oʼzgarmasligini taʼminlashi lozim.
Reimbursatsiya hukumatimiz tomonidan qoʼyilayotgan shaffoflik va adolatlilik tamoiylariga juda mos boʼlib, jarayonlar elektron tarzda amalga oshiriladi. DTSJ, Birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalari va dorixona rahbarlari bevosita kuzatib borish imkoniyatiga ega.
Аlohida taʼkidlash kerakki, Reimbursatsiya hozirda faqatgina Sirdaryo viloyatidagi tajriba-sinov jarayonida amaliyotga tatbiq etilmoqda. Olingan natijalarga koʼra kelgusida yurtimizning boshqa hududlariga ham joriy etish moʼljallangan.
Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi matbuot xizmati